«Liverpul» 140 million yevroga PSJ yulduzini sotib olishga yaqin
Manbaga ko‘ra, «Liverpul» va PSJ transfer bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishgan.
«Liverpul» PSJ vingeri Bredli Barkola transferini amalga oshirishga yaqin turibdi. Goal nashrining xabar berishicha, 23 yoshli fransiyalik futbolchi shanba kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tish va uzoq muddatli shartnoma imzolash uchun Angliyaga yo‘l oladi.
Manbaga ko‘ra, «Liverpul» va PSJ transfer bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishgan. Bitim qiymati 140 million yevro atrofida bo‘ladi. Parij klubi dastlab futbolchisi uchun 170 million yevro talab qilgan.
Barkola «Liverpul» tarixidagi ikkinchi eng qimmat transferga aylanishi mumkin. Birinchi o‘rinda o‘tgan yili qariyb 145 million yevroga xarid qilingan Aleksander Isak turibdi. Shu bilan birga, Barkolaning transferi PSJ tarixidagi eng qimmat futbolchi sotuvi bo‘ladi.
Fransiyalik futbolchining «Renn»ga qarshi 2:2 hisobida yakunlangan uchrashuv qaydnomasiga kiritilmagani ham uning Parij klubidan ketishga yaqin ekanidan darak bermoqda. Barkola «Liverpul» bilan shaxsiy shartnoma bandlarini allaqachon kelishib olgan.
23 yoshli vinger o‘tgan mavsum PSJ safida barcha musobaqalarda 49 ta uchrashuvda maydonga tushib, 13 ta gol urgan.
«Liverpul» Barkolani jamoaning tajribali hujumchisi Muhammad Salohning potensial vorisi sifatida ko‘rmoqda.