22 noyabr – Xalqaro psixologlar kuni
Bugun yurtimizda 25 mingga yaqin psixolog faoliyat yuritadi.
Ushbu soha vakillarining vazifalari nimalardan iborat? Ular insonlarga qanday yordam beradi?
Psixolog Nozima Nosirova bilan suhbatimiz ana shular haqida bo‘ldi.

– Psixolog – bu psixologiya bilan shug‘ullanadigan va ruhiy holatlarni, idrok etish, kognitiv, hissiy va ijtimoiy jarayonlar va xatti-harakatlarni o‘rganadigan kasb egasi. Ularning faoliyati odamlarning bir-biriga va atrof-muhitga qanday munosabatda bo‘lishini tajriba, kuzatish va talqin qilishdan iborat, – deydi Nozima Nosirova. – Psixologlar psixologik test, baholash, sharhlash va hisobot berish bo‘yicha keng qamrovli treninglardan o‘tadilar.
– Psixoterapevt yoki psixiatrlarning psixologlardan farqi nimada? Ular odamlarni qanday usullar bilan davolaydi?
Psixoterapevt – xulq-atvori buzilgan yoki hissiy sohasi buzilgan, jamiyatga moslashishda qiynalayotgan, nevrozlari bor bo‘lgan odamlarga yordam beradi. Bu buzilishlar chegara holati bo‘lganligi sababli davolashda qo‘shimcha usul sifatida dori-darmonlardan foydalaniladi.
Psixiatr – jiddiy ruhiy buzilishlardan aziyat chekadigan bemorlar bilan ishlaydi. Odatda dori vositalari bilan davolaydigan shifokor.
– Psixologlarga qanday toifadagi insonlar bilan ishlash qiyinroq?
– Shunday insonlar toifasi borki, o‘zlarining azoblari, og‘riqlarini har qanday usullar bilan himoya qilishadi. Yoki hayotda o‘zlarini jabrdiyda his qilib yashash ularga qulay. Bunday insonlar toksik, ya’ni o‘zlarini va atrofdagilarni zaharlovchi xususiyatga ega bo‘ladilar. Ya’ni, ular azoblanib yashashga o‘rganib qolgan insonlar, deyiladi.
Bunday insonlarda o‘zimni jabrdiyda qilib ko‘rsatsam hamma menga e’tibor qaratadi, yaxshi yursam, sog‘lomligimni bilib qolishsa qaramay qo‘yadi, degan ichki qo‘rquv bo‘ladi.
Bunday insonlar kelganida ko‘pincha men ularni eshitaman. Ular o‘z dardlarini yuz, qo‘l mimikalari orqali ko‘rsatib berishadi. G‘amlarini aytayotgan paytda psixologik taktikalarimni qo‘llab, o‘sha yerning o‘zida ular bilan o‘zlariga sezdirmay ishlay boshlayman. Chizdirish terapiyasi, hozirgi paytda juda ommalashgan neyrografika, kartochkalar yordamida hayot tarzlarini bilib olib, nimani tuzatish kerak bo‘lsa, e’tiborimni shunga qarataman. Ularga jabrdiyda bo‘lmasa qanday yutuqlarga erishishi mumkinligini tushuntiraman. Muloqotlardan so‘ng, hayotni yengil qabul qilsa ham bo‘larkan, degan qarash paydo bo‘ladi. Ya’ni ularning qalbida uxlab yotgan pozitiv jarayonlarni birgalikda uyg‘otamiz.
– Psixologlarga nimalar ta’qiqlanadi?
– Ruhiy jihatdan nosog‘lom hayot kechirishga uchragan, tazyiq ostiga tushib, boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, vahimali holatga tushib, suitsidga moyil bo‘lgan insonga psixologlar tomonidan bee’tiborlik qilish ta’qiqlanadi. Psixolog bunday insonning muammolarini yo‘l-yo‘lakay hal qilishi, uni yerga urib, tanbeh berishi aslo mumkin emas.
Bunday toifadagi insonlarni psixologlar o‘z hayotiy tajribasidan kelib chiqib, davolay olmaydi. Aksincha, bunday toifadagi insonlarni ilmiy asoslangan bilimlar orqali davolash kerak. Yo‘qsa, ularning dardini og‘irlashtirib qo‘yish mumkin.
– Ko‘pincha biz biror muammoga duch kelsak, hayot kurashlardan iborat, deb o‘zimizni ovutamiz. Rostdan ham shundaymi?
– Bu ibora ko‘pincha xalq tilida qo‘llanib kelinadi. Qaysidir ma’noda uning zamirida haqiqat bor. Sababi agar ichingizda qo‘rquv bo‘lsa, hayot sizni qo‘rqitadi. Agar ichingizda tajovuz bo‘lsa, hayot sizga hujum qiladi.
Bordiyu urishishni xohlasangiz darrov raqiblar paydo bo‘ladi. Agar ichingizda aybdorlik hissi bo‘lsa, hayot sizni jazolash uchun yo‘l topadi.
Hayot sizni ichingizda qanday bo‘lsangiz shunday ko‘radi, atrofdagilarga ko‘rinishni xohlaganingiz kabi emas. Shunday ekan, ichingizda nima borligini kuzating.
Nigora Rahmonova, O‘zA.