“Prokuror kubogi” musobaqasi g‘oliblari taqdirlandi
Nukusda 6-sentabr — “Kurash” milliy sport turi kuni munosabati bilan 2011–2012-yillarda tug‘ilgan o‘smirlar va qizlar o‘rtasida kurash bo‘yicha “Prokuror kubogi” musobaqasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi o‘tkazildi.
Yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha hududlaridan saralab olingan yosh sportchilar kurash bo‘yicha o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, mahorat va iqtidorini namoyish etib, g‘oliblik uchun qizg‘in bellashdilar.

Musobaqaning saralash bosqichlarida jami 559 nafar sportchi yosh ishtirok etgan bo‘lib, ulardan 340 nafari respublika bosqichida o‘z kuch va mahoratini sinovdan o‘tkazdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra, 40 nafar eng munosib sportchi g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Tadbir davomida yoshlarni sportga yanada keng jalb etish, ularni turli salbiy ta’sirlardan asrash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, shuningdek, iqtidorli sportchilarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri