
Surxondaryo viloyati prokurori B.Babadjanov ishtirokida Termiz davlat universitetida uchrashuv tashkil etildi.
Unda prokuratura mas’ullari, Termiz davlat universiteti yuridik fakulteti talabalari, faxriylar va OAV vakillari qatnashdi.

Muloqot chog‘ida keyingi yillarda mamlakatimizda adolatli jamiyat barpo etish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar, sohada yuz berayotgan o‘zgarishlar haqida atroflicha fikr almashildi. Termiz davlat universitetida huquqshunoslar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani ham sohada yuz bergan yangilanishlar samarasi ekani qayd etildi.

Tadbirda viloyati prokurori B.Babadjanov va Termiz davlat universiteti rektori A.Toshqulovning samimiy ochiq muloqoti bo‘lg‘usi huquqshunoslarning o‘qish va soha sirlarini qunt bilan egallashida yangi yo‘nalishlarni belgilab berdi. Viloyat prokuraturasi va universitet o‘rtasida ilk bor yuridik kadrlarni tayyorlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Hamkorlikdagi loyiha ¬ “Bo‘lajak prokurorlar klubi” a’zolariga maxsus a’zolik belgilari tantanali topshirildi.
Ochiq muloqot chog‘ida hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladigan qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

Ayni paytda Termiz davlat universitetining yuridik fakultetida bakalavr yo‘nalishida 1 ming 268 nafar, magistr yo‘nalishida o‘n nafar bo‘lg‘usi huquqshunos ta’lim-tarbiya olmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri