Profilaktika inspektorlariga qo‘shimcha vakolatlar beriladi
Prezidentning 2026-yil 4-sentyabrdagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatiga yangicha ishlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–314-sonli qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘linmalari faoliyati yagona tizim asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda fuqarolarning murojaat va xabarlariga tezkor munosabat bildirish, aholi bilan ochiq muloqot qilish hamda huquqbuzarlikka sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilanadi.
Shuningdek, hududlarda huquqbuzarliklarning sabablarini barvaqt aniqlash va bartaraf etish, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli profilaktik ishlarni doimiy olib borish yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda profilaktika inspektorlarining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi ham ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, profilaktika inspektorlarining vakolatlari kengaytiriladi.
Endilikda ular:
— o‘z vakolati doirasida birinchi marta sodir etilgan 17 turdagi kam ahamiyatli ma’muriy huquqbuzarlik yuzasidan ma’muriy ogohlantirish qo‘llashi;
— mahalla ko‘chalari va yo‘laklarida yo‘l harakati qoidalarining buzilishi bilan bog‘liq 4 turdagi ma’muriy huquqbuzarlik yuzasidan ma’muriy jazo qo‘llashi;
— tuman (shahar) ichki ishlar organi boshlig‘i yoki uning o‘rinbosarlari vakolatiga kiruvchi 9 turdagi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqib, tegishli ma’muriy jazo qo‘llashi mumkin bo‘ladi.
Hamroz Bayonov,O‘zA