Prezident nutqining mazmun-mohiyati
Andijon viloyati Axborot-kutubxona markazida Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi mazmun-mohiyatini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu seminarda olimlar, korxona, tashkilot va muassasalarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ul xodimlari hamda ma’naviyat targ‘ibotchilari ishtirok etdi.
Seminar ochilishida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyati bo‘limi rahbari Nigoraxon Qashqaboyeva so‘zga chiqib, Prezidentimizning mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida yurtimizning iqtisodiy, ma’naviy, madaniy hayotiga oid ilg‘or g‘oya va tashabbuslar ilgari surilgani, qator vazifalar belgilab berilganini ta’kidladi. Shuningdek, ularni keng jamoatchilik orasida targ‘ib etish orqali ijrosini ta’minlashga e’tibor qaratish zarurligini uqtirdi.
[gallery-31277]
“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati raisi, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Baxtiyor Xusanov o‘quv seminarining maqsadi va ahamiyati haqida ishtirokchilarga atroflicha ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.
Seminarda tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulovning “Uch ming yillik ildiz va Uchinchi Renessans: tarixiy vorislik, milliy o‘zlik va ma’naviy meros”, Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori, pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronovning “Milliy yuksalish o‘n yilligi: yetti milliy dastur yaxlit tizim sifatida va nutqning bosh g‘oyalari”, falsafa fanlari doktori Shahlo Ahrorovaning “Inson qadri – 35 yillik islohotlarning o‘lchovi: erkinlik, bilim, sog‘liq va yoshlar” mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi.
Ishtirokchilar ma’ruzalar yuzasidan hamda bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish bo‘yicha taklif, fikr va mulohazalarini bildirdi. Bu boradagi targ‘ibot ishlarini samarali tashkil etish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
Seminar yakunida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tayyorlangan “O‘zbek kelayotir, tarix qa’ridan” nomli videorolik namoyish etildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari