Bu tarixiy g‘oya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surildi.
Markaziy Osiyo mintaqasi qadim-qadimdan bir tanu bir jon bo‘lgan. Bu bir butunlikni dastlab mustabid tuzum parchalab tashladi. Bu bo‘linishlar zamirida urush keltirib chiqarish, o‘zaro nizolar hisobga olingandi. Ming afsuski, Markaziy Osiyo Respublikalari mustaqil mamlakat maqomiga ega bo‘lgandan keyin ham mavjud ahvol unchalik o‘zgarmadi, aksincha yomonlashdi. Bir necha bor Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida muqarrar urush keltirib chiqarishga urinishlar bo‘ldi. To‘g‘risi, bugun quvonchli daqiqalarda o‘tmishning tahlikali kunlarini eslagim kelmadi.
Xalqaro kuzatuvchilar tez orada Markaziy Osiyoda yuz beradigan qonli nizolar haqida gapira boshlagandi. Ba’zilari Markaziy Osiyoni porox to‘ldirilgan bochkaga o‘xshatishgandi. U albatta, qachondir portlashini zo‘r berib bashorat qilishardi.

Markaziy Osiyo yer, suv, chegara, temir yo‘l, avtomobil yo‘llari, elektr energiyasi taqsimoti borasida boshi berk ko‘chaga kirib qolgan edi. Tomoshabinlar bu asr muammosini yechib bo‘lmasligi haqida bong urishardi. Chegaralar yopilgan, hatto chegara postlariga olib boradigan yo‘llar ham buzib tashlangan, tog‘-toshlar minalashtirilgandi.
Chorak asr davomida oddiy xalqning ko‘z yoshlari daryo bo‘ldi. Ota-bola, aka-uka, opa-singil, ona-bolalar bir biri bilan uchrasha olmadi. Mana shu alam va iztiroblar ichida armon bilan o‘tib ketganlar qancha.
2016 yil Markaziy Osiyoda tub burilishlarning boshlanishi sifatida tarix sahifalariga muhrlanadi. O‘zbekiston boshqaruviga kelgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu borada o‘z maqsadlari, g‘oyalari bor edi. Mening nazarimda Shavkat Mirziyoyev siyosiy faoliyatining eng yuqori nuqtasi – bu Bir Butun Markaziy Osiyodir.
Shavkat Mirziyoyev eng avvalo, Markaziy Osiyoga siyosiy ishonchni qaytardi. Aslida bu oson emasdi. 25 yil davomida yo‘qotilgan ishonchning yana paydo bo‘lishiga ko‘pchilik ishonmasdi. Yolg‘on targ‘ibot, dushman izlash vasvasasi butun boshli xalqlarning ongini zaharlagandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy ishonchi Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida butunlay yangi munosabatlar davrini boshlab berdi.
Davlatimiz rahbarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli Markaziy Osiyoda manfaatlar muvozanatiga erishildi. O‘zbekiston tomoni tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. Eng asosiy tamoyil sifatida: “O‘zgalar manfaatini, o‘z manfaatidan ustun qo‘yish” olindi. Bu esa nafaqat mahkamlangan eshiklarni, balki yopiq qalblarning ochilishiga olib keldi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, barqarorlik, o‘zaro hamkorlik va rivojlanish yo‘lidan aslo orqaga qaytmasligini amalda namoyon etdi.
Markaziy Osiyo mintaqasi erkin nafas ola boshladi. O‘z navbatida, bashoratchilar ham tinch turmadi. Ular bu vaqtinchalik ekanligini, bu mintaqada hech qachon tinchlik va hamjihatlik bo‘lmasligini zo‘r berib targ‘ib etishardi. O‘zbekiston rahbarining uzoqni o‘ylab olib borayotgan oqilona siyosati birinchi navbatda Markaziy Osiyo butunligi va barqarorligiga yo‘naltirilgan edi.
Prezidentimizнинг qo‘shni mamlakatlarga bo‘lgan samimiy munosabatlarining tarixi, qadim ildizlari bor, albatta. O‘zbekiston tomoni barcha adovatlarni unutib, yaqin tarixga emas, qadim, haqiqiy tarixga suyanishga chaqirardi.
Shavkat Mirziyoyevga mustaqillikning dastlabki 25 yilidan juda og‘ir muammolar meros bo‘lib qolgandi. O‘zbekiston –Tojikiston, O‘zbekiston –Qirg‘iziston chegaralari to‘liq belgilanmagan, kelishuvga erishilmagan, hukumat komissiyalarining faoliyati boshi berk ko‘chaga kirib, hech qanday siljish yo‘q edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev avval uzoqdagilarni emas, yaqin qo‘shnilarning eshigini ochdi. Bu o‘zbek xalqining maqollarida ham o‘z ifodasini topgan: “Uzoqdagi bug‘doydan yaqindagi somon yaxshi”, “Yon qo‘shning – jon qo‘shning”, “Qo‘shning tinch – sen tinch”.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Bir butun Markaziy Osiyo” g‘oyasi g‘alaba qildi, deyishga bugun to‘la asoslarimiz bor.
2017 yil 20 sentyabr. BMT qarorgohi...
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zlagan Shavkat Mirziyoyev: “Tinch-osoyishta, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan Markaziy Osiyo biz intiladigan eng muhim maqsad va asosiy vazifadir. O‘zbekiston o‘zaro muloqot, amaliy hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashning qat’iy tarafdoridir. Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hech istisnosiz barcha masalalar bo‘yicha oqilona murosa asosida hamkorlik qilishga tayyormiz”.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining nufuzli minbaridan dunyo hamjamiyatiga qarata aytilgan bu fikrlar bugun hayotda o‘z ifodasini topganini ko‘rib turibmiz.
2017 yil noyabr oyida Samarqandda Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro anjumanda mintaqadagi fundamental muammolar muhokama qilingani ham fikrimiz dalilidir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo xavfsizligining garovi sifatida o‘zaro hamkorlik va hamjihatlik muhimligini oldindan ko‘ra olgan edi. Chunki Markaziy Osiyo davlatlaridan birortasida tinchlik bo‘lmasa, bu butun mintaqadagi tinchlikka xavf soladi. Rivojlanish ham, taraqqiyot ham bir-biriga bog‘liq.
Markaziy Osiyoda 25 yil davomida anglab yetilmagan haqiqat mana shu taqlid yuzaga chiqdi.
2023 yil 20 sentyabr. BMT qarorgohi...
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zlagan Shavkat Mirziyoyev: “Ishonch bilan aytish mumkinki, bizning xalqlarimizni mintaqaviy o‘ziga xoslikni anglash tuyg‘usi birlashtirmoqda va bu tuyg‘u tobora kuchayib bormoqda. Bizning nafaqat tariximiz, balki kelajagimiz, hayotiy muhim manfaatlarimiz ham umumiy va mushtarakdir. Mintaqaviy hamkorligimizni kengaytirishdan boshqa yo‘limiz yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas!”
Markaziy Osiyoning bir butunligidan mintaqadagi davlatlarning barchasi manfaatdor.
Bugun nafaqat BMT, balki Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro tuzilmalar ham Markaziy Osiyo va uning ishonchli kelajagiga e’tibor qaratayotganligi barchamizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi.
Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy integratsiyani tobora chuqurlashtirish yo‘lida samarali mexanizmga aylanayotgani ham bor gap, albatta.
2025 yil 24 sentyabr. BMT qarorgohi...
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida nutq so‘zlagan Shavkat Mirziyoyev: “Bundan 8 yil muqaddam biz ushbu yuksak minbardan turib, Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik makoniga aylantirishga qat’iy qaror qilganimizni e’lon qilgan edik. Bugun chuqur mamnuniyat bilan ta’kidlash mumkin: biz bu strategik maqsadga erishdik. Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi” deya alohida ta’kidladi.
Ming afsus va nadomatlar bo‘lsinki, bugungi dunyoda qondosh-qardosh xalqlarning maqsadsiz urushlariga duch kelmoqdamiz.
Shavkat Mirziyoyevning Bir Butun Markaziy Osiyo g‘oyasiga, kashfiyotiga tarix o‘z bahosini berishiga ishonaman.
Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlari Markaziy Osiyo Ittifoqiga asos bo‘lishiga, tamal toshi qo‘yishiga imonim komil.
BMT Bosh Assambleyasining yubiley anjumani – 80-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev jahon diplomatiyasida yangilik bo‘lgan yana bir g‘oyani ilgari surdi: “Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish”. Ha, biz shu kunlarga yetib keldik. Endi oldingidek yashab bo‘lmaydi. Bir-birimizsiz na tinch yashaymiz, na rivojlanamiz, na taraqqiy etamiz.
Unutmasligimiz kerak – tariximiz ham bir, taqdirimiz ham bir. Bugun yangidan shakllanayotgan Markaziy Osiyoga ehtiyojimiz har qachongidan ham yuqori.
Rustam Xolmurodov,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati a’zosi.