Markaziy Osiyo muhim tarixiy o‘zgarishlar pallasida
Markaziy Osiyo mintaqasi tarixi, madaniyati va qadriyatlari bilan uzviy bog‘langan xalqlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillari negizida barqaror rivojlanib bormoqda. Bugun mintaqa davlatlari umumiy maqsad — tinchlikni mustahkamlash, iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish va xalqlarimiz farovonligini oshirish yo‘lida yaqin muloqot va qator qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirmoqda.
Ma’lumki, joriy yilning 15-16 noyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Tadbir kun tartibidan Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, ustuvor sohalarda qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirish masalalari o‘rin olgan.

O‘zA muxbiri mazkur tarixiy yig‘in oldidan Markaziy Osiyodagi integratsion jarayonlar, mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlikning hozirgi holati va istiqboli xususida siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Muxtor Nazirovning fikrlarini yozib oldi.
– Bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasi birlikka intilar ekan, ishonch, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat kabi prinsiplarni ustuvor qo‘ymoqda. Aytish kerakki, bu jarayon to‘satdan yuz bergan hodisa emas. Albatta, bu mintaqa davlatlari yetakchilari siyosiy irodasining maqsadli ravishda ro‘yobga chiqayotganligini o‘zida ifoda etadi. Boshqa bir tarafdan, mintaqa mamlakatlari xalqlarining bu jarayonlarni qo‘llab-quvvatlayotganligi birlik va hamjihatlikni bildiradi.
Dunyoda keng ko‘lamli transformatsiyalar jarayoni, turli iqtisodiy ziddiyatlar, geosiyosiy maqsadlar kuch ishlatish yo‘li bilan keskin ravishda kechayotgan bir paytda, Markaziy Osiyo o‘ziga xos ravishda strategik, barqaror va rivojlanayotgan mintaqa sifatida yaqqol ajralib turibdi.
Qayd etish kerak, mintaqaviy birlik jarayonlarining asosini avvalo, davlat yetakchilari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri va o‘zaro ishonchga asoslangan muloqot tashkil etmoqda. Bu jarayon yillar davomida mintaqada shakllanib qolgan muammoli masalalar, deylik, chegaralar daxlsizligi, suv-yenergetika, savdo va gumanitar masalalar bilan bog‘liq jarayonlarning ijobiy hal etilishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Yana bir gap: Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari 2017 yildan beri mintaqa transformatsiyasida hal qiluvchi rolni o‘ynab kelmoqda, deyish mumkin. Qisqa vaqt ichida bu format muloqot formatidan o‘zaro ishonchni mustahkamlagan, mintaqa rivojiga kuchli turtki berayotgan, strategik masalalar bo‘yicha tashqi aralashuvlarsiz umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish maydoniga aylandi.
Davlatimiz rahbari yaqinda o‘zining nashr qilingan maqolasida ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyo endi bu bo‘lingan, ziddiyatli mintaqa emas, balki do‘stlik ko‘priklari bilan bog‘langan va umumiy manfaatlar yo‘lida hamjihatlik bilan rivojlanayotgan bir mintaqaga aylandi.
Bugungi kunda mana shu Maslahat uchrashuvlari formati mintaqadagi ishonchni mustahkamlash bilan bir qatorda, iqtisodiy-siyosiy, hattoki xavfsizlik sohasida ham mintaqaning rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan potensialni ro‘yobga chiqarishda fundamental ahamiyat kasb eta boshladi. Masalan, yaqinda imzolangan uch davlat chegaralarining tutash hududlari to‘g‘risidagi shartnoma – Xo‘jand deklaratsiyasi.
Binobarin, mintaqa mamlakatlarining mustaqillik tarixida ilk marotaba Markaziy Osiyoning ichki chegaralari huquqiy jihatdan rasmiylashganligi mintaqada endi savdo-iqtisodiy munosabatlar va integratsiya jarayonlariga kuchli turtki berishi mumkin. Maslahat uchrashuvlari fonida yaratilgan siyosiy dinamika shuni ko‘rsatmoqdaki, endilikda mintaqada integratsiyalashish jarayoni real amaliyotga ko‘chmoqda. Masalan, 2022 yilda imzolangan “Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik” to‘g‘risidagi shartnomani olaylik. Bu hujjat mintaqadagi hamkorlikni avvalo tenglikka asoslangan, o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga va mintaqa taqdiri uchun birgalikda mas’ullikni belgilaydigan fundamental prinsiplarni mustahkamladi.
E’tiborga molik jihat shundaki, Maslahat uchrashuvlari faqat uchrashuvlardan, kelishuvlardan iborat bo‘lib qolmasligi uchun 2023 yildan buyon Milliy koordinatorlar kengashi ta’sis etildi. Bu doimiy ishlovchi mexanizm sifatida aynan shu uchrashuvlarni tayyorlash, uning kun tartibini belgilash va uchrashuvda erishilgan kelishuvlar ijrosini birgalikda monitoring qilish imkonini beradi.
Yana bir muhim hujjat 2022 yilda qabul qilingan edi. Bu – ko‘p tomonlama formatlarda hamkorlik konsepsiyasi. Mazkur hujjat turli xalqaro tashkilotlarda, ko‘p tomonlama sammitlarda, uchrashuvlarda mintaqa pozitsiyasining yakdil bo‘lishligiga va uni muvofiqlashtirishga huquqiy asos yaratib berdi. Asosiy hujjatlardan yana biri bu 2022 yilda qabul qilingan mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirishga oid “Markaziy Osiyo – 2040” konsepsiyasi bo‘lib, ushbu hujjat ham hamkorlikning strategik ustuvor yo‘nalishlarini, ya’ni, uzoq muddatli hamkorlikni belgilash, ayniqsa barqaror rivojlanish, xavfsizlikni ta’minlash masalalarida mintaqa davlatlarining hamjihatligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Institutsional-huquqiy bazani takomillashtirish va bu siyosiy muloqotlarning tizimli ravishda rivojlantirilishi natijasida mintaqada hamkorlik uchun jiddiy asoslar paydo bo‘ldi. Ya’ni, Markaziy Osiyo iqtisodiy va siyosiy barqarorlik nuqtai nazaridan yetarlicha natijalarga erishdi va bu mintaqa davlatlarining yalpi ichki mahsulotida, tashqi savdosida, xalqaro maydondagi o‘rnida o‘z aksini topmoqda.
Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, mintaqaning umumiy yalpi ichki mahsuloti mana shu Maslahat uchrashuvlari yo‘lga qo‘yilgan davrdan boshlab 2,5 barobarga oshgan, ya’ni, bugungi kunda 520 milliard AQSH dollariga yetganligini ko‘rishimiz mumkin. Umumiy tashqi savdosi ham ikki barobarga oshib, 253 milliardga yetgan. Ayniqsa, diyorimizning mintaqa mamlakatlari bilan savdo aylanmasi uch barobarga oshgan. Shu bilan birga, Markaziy Osiyoda faol iqtisodiy o‘sish jarayoni ketar ekan, mintaqaning ichki savdosini rivojlantirish, ya’ni, o‘zaro savdo hajmini oshirish uchun hali yetarlicha ishga solinmagan imkoniyatlar mavjud.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining jahon iqtisodiyotiga turli darajada integratsiyalashuvi qaysidir ma’noda mintaqaviy yondashuvlarni kuchaytirishga imkon yaratishi mumkin. Demoqchi bo‘lganim, global dunyoda yaratilayotgan sanoat mahsulotlarining muhim qismini ishlab chiqarishda Markaziy Osiyo yanada faol ishtirok etishi mumkin.
Bilamizki, so‘nggi paytlarda mintaqamizga nisbatan nodir metallar masalasida qudratli mamlakatlarning e’tibori oshgan. Bu nodir metallar muhim tovarlarni ishlab chiqarishda, avtomobilsozlik, kosmos bilan bog‘liq bo‘lgan sohalarda va iqtisodiy yo‘nalishlarda asosiy xomashyolardan biri hisoblanadi. Demak, Markaziy Osiyo davlatlari ham bu jarayonda asosan resurs eksport qiluvchi emas, balki tayyor mahsulot eksport qiluvchi mamlakatlar sifatida ishtirok etishi mumkin.
Bir vaqtlar mintaqada doimiy kelishmovchilik, turli xil yondashuvlar manbai bo‘lib kelgan sohalar mavjud edi. Bu gidroyenergetik inshootlarni qurish masalasi. E’tiborli jihati, bu borada ham mintaqa davlatlari qarama-qarshilik fonidan hamkorlik harakatiga o‘tganligi juda muhim qadam bo‘ldi. Ya’ni, davlatlar bu masalalarga muammo sifatida emas, balki hamkorlikning yangi imkoniyatlari sifatida qaray boshladilar.
Bu yondashuvlar o‘zgarishi natijasida Qirg‘iziston hududida joylashgan Qambarota GES-1 loyihasini amalga oshirishda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston birgalikda ishtirok etmoqda. Tojikiston hududida O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligida amalga oshirilayotgan Yovon gidroenergetik inshooti va Turkmaniston bilan Amudaryo suv resurslarini oqilona foydalanish bo‘yicha kelishuvlarni aytish mumkin. Markaziy Osiyo iqtisodiy tarafdan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan tizimni yuzaga keltirar ekan, bu istiqbolda mintaqaviy integratsiyaga kuchli ijobiy turtki berishi mumkin.
Endi e’tiboringizni mintaqaning madaniy-gumanitar sohadagi hamkorligiga qaratmoqchiman. Bu borada amalga oshirilayotgan konstruktiv muloqotning natijalari 2023 yildan beri yo‘lga qo‘yilgan O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasida ichki pasportlar, ya’ni, ID kartalari bilan erkin harakatlanish imkoniyati, qolaversa, Tojikiston va Qozog‘iston bilan xuddi shunday kelishuvlar ishlab chiqilayotganligi mintaqaviy birlikka xizmat qilishi mumkin bo‘lgan jiddiy qadam hisoblanadi.
Umuman olganda, mintaqamiz Maslahat uchrashuvlari orqali rivojlanish, hamkorlik yo‘lini tanlayotganligini ko‘rishimiz mumkin va bu jarayonlar asta-sekin huquqiy, institutsional tarafdan mustahkamlanib bormoqda. Hamkorlikning yanada rivojlanishi Markaziy Osiyoni barqarorlik, yaxshi qo‘shnichilik, farovon bo‘lgan mintaqaga aylantirishi va hozirgi geosiyosiy qarama-qarshiliklar fonidagi dunyo uchun yangicha hamkorlik modelini taqdim etishi mumkin.
O‘tkir Alimov yozib oldi.
O‘zA