Prezident olimpiadasi: boks va og‘ir atletika musobaqalari dasturi tasdiqlandi
Joriy yilning 27-oktabr-8-noyabr kunlari poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”, Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi majmualarida hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti maydonlarida “Prezident olimpiadasi” musobaqalarining respublika final bosqich musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
Aytish lozimki, bu yilgi “Prezident olimpiadasi” sport musobaqalari 21 ta olimpiya va 5 ta paralimpiya sport turlari bo‘yicha o‘tkaziladi. Unda 13-14 yoshli sportchilar va 10-18 yoshli para sportchilar sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borishadi.
Shu kunlarda mazkur musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish hamda musobaqalar dasturini ishlab chiqish, hakamlik va texnik masalalarni tartibga keltirish borasida Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, ta’lim muassasalari, sport federatsiyalari tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugun, 21-oktabr kuni O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi “Prezident olimpiadasi” musobaqalarining dasturini e’lon qildi.
Mazkur dasturga muvofiq, Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash majmuasining og‘ir atletika zalida tashkil etiladigan musobaqalarning mandat komissiyasi yig‘ilishi hamda tarozi tadbirlari 26-oktabr kuni tashkil etiladi.
O‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida 10 tadan vazn toifasidagi “Prezident olimpiadasi”ning asosiy musobaqalari 27-31-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, kuni kecha O‘zbekiston boks federatsiyasi Chirchiqda o‘tadigan “Prezident olimpiadasi boks musobaqalarining kun tartibini tasdiqladi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti ringlarida o‘tadigan boks musobaqalari 31-oktabr-6-noyabr kunlari o‘tkazilib, dastlabki kuni mandat va texnik qo‘mita yig‘ilishi, tarozi tadbirlari, 1-2-noyabrda saralash, 3-noyabr chorak final, 5-6-noyabrda esa yarim final va final janglari tashkil etilishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbek sportining zaxira bazasini yangilash va istiqbolli olimpiyachilar avlodini shakllantirishga qaratilgan “Prezident olimpiadasi”ning bu yilgi ilk bosqichida 13-14 yoshli 330 ming nafardan ziyod yoshlar ishtirok etdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA