Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizdagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkida boʻldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizdagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkida boʻldi.
Majmua shou-rumida qurilishi boshlangan binolar, ularda boʻladigan sharoitlar haqida maʼlumot berildi. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning oʻquvchilari ishtirokida yaratilgan dasturiy mahsulotlar namoyish etildi.
Mutasaddilarga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktab bilan hududlardagi axborot texnologiya maktablari integratsiyasini taʼminlash, yoshlarning zamonaviy texnologiyalarga qiziqishini toʻgʻri yoʻnaltirib, yetuk mutaxassislar etib tayyorlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Galdagi bunyodkorlik ishlarining borishi koʻzdan kechirildi.
Mazkur zamonaviy majmua qurilishi oʻtgan yili 20-noyabrda boshlangan edi. Bu yerda bosqichma-bosqich 17 ta imorat, jumladan, 20-25 qavatli ofis binolari, 22 qavatli mehmonxona, universitet, konferensiya zali, kovorking markazi va boshqa obyektlar barpo etiladi. Inshootlar 9 balldan yuqori zilzilaga chidamli boʻladi. Yer ostida 3 qavatli avtoturargoh quriladi. Majmua hududida kafe va restoranlar, doʻkonlar, masjid, sport maydonlari, dam olish joylari ham boʻladi.
Ushbu IT-parkning dastlabki 2 ta binosi foydalanishga topshirilgan. Ularda eng zamonaviy qulayliklar yaratilib, istiqbolli startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari tashkil etilgan. IT-park rezidentlari sifatida roʻyxatdan oʻtgan korxonalar 2028-yil 1-yanvarga qadar soliqlar va bojxona toʻlovlaridan ozod etilgan.