Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomi belgilanmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Majlisda dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, faoliyatini tashkil etish tartibi hamda vakolatlarini belgilab beruvchi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
– Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda davlat hokimiyatining tashkil etilishi, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati asoslari alohida boblarda batafsil bayon etilgan, – dedi qo‘mita raisi Jahongir Shirinov. – Konstitutsiyamizning XIX bobi O‘zbekiston Respublikasining Prezidentiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda Prezident davlat boshlig‘i maqomida davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlashi, shuningdek, uning mamlakat boshqaruvi va taraqqiyotini ta’minlashdagi o‘ta muhim vakolatlari mustahkamlangan. Konstitutsiyada belgilangan Prezident vakolatlari nihoyatda keng qamrovli bo‘lib, ularning samarali amalga oshirilishini tashkiliy, huquqiy va tahliliy ta’minlash Prezident Administratsiyasi zimmasiga yuklatilgan.
Xususan, Asosiy Qonunimizning 109-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z vakolatlarini amalga oshirishni tashkiliy, huquqiy, tahliliy jihatdan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini shakllantiradi hamda uning Rahbarini tayinlaydi. Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, faoliyatini tashkil etish tartibi va vakolatlari qonun bilan belgilanishi nazarda tutilgan.
Konstitutsiyamiz talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi Prezident Administratsiyasining davlat boshqaruvi tizimidagi o‘rni, huquqiy maqomi va faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini konstitutsiyaviy qonun darajasida belgilashga qaratilgan.
Loyihada Administratsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shakllantirilishi, shuningdek, Administratsiyaga Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Administratsiya Rahbari boshchilik qilishi belgilanmoqda.
Administratsiyaning maqomi, faoliyatining asosiy prinsiplari, tarkibiy tuzilishi va faoliyatini tashkil etish tartibi, uning davlat hokimiyati organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro aloqalari, Administratsiyaning mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlari faoliyatining kafolatlari aniq belgilab berilmoqda, – dedi J.Shirinov.
Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi bilan Administratsiyaning davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari bilan aloqalari ochib berilgan.
Qonun loyihasini tayyorlashda xalqaro va xorij tajribasi o‘rganib chiqilgan. Xususan, AQSH, Finlyandiya, Chexiya, Slovakiya, Ruminiya, Latviya, Tayvan, Qozog‘iston, Turkmanistonda Prezident administratsiyasi (kanselyariyasi, ofisi)ning huquqiy maqomi alohida qonunlarda belgilangan.
Mazkur konstitutsiyaviy qonun loyihasining qabul qilinishi Prezident faoliyatini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish, davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda boshqaruv jarayonlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Muhokamalarda bir qator savollar o‘rtaga tashlanib, tegishli javoblar qaytarildi. Xususan, Administratsiya tashkilotlarning komplayens va korrupsiyaga qarshi kurashishda mexanizmlari qanday bo‘lishi masalasi ko‘tarildi. Bunga javoban alohida moddada Administratsiyaning komplayens va korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati belgilab berilgani, Administratsiyada bu borada alohida tuzilma faoliyat ko‘rsatishi aytib o‘tildi.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA