Maslahat uchrashuvi mintaqa hamkorligini mustahkamlaydi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi. Dastlab deputatlar Prezidentimizning Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov taklifiga binoan Qirg‘iz Respublikasiga davlat tashrifi hamda Markaziy Osiyo — Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvidagi ishtiroki ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining norasmiy uchrashuvi mintaqa hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim muloqot maydoni bo‘ldi. Uchrashuvda davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, yaqin hamkorlik va umumiy manfaatlarga asoslangan munosabatlarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Fraksiya a’zolari uchrashuvda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport va logistika yo‘laklarini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, raqamli xizmatlar va investitsiya platformalarini yo‘lga qo‘yish kabi muhim tashabbuslar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirishini qayd etdi.
Shuningdek, sun’iy intellekt, ilm-fan, ta’lim, energetika va kadrlar salohiyati sohalarida hamkorlikni kuchaytirish mintaqamiz taraqqiyotining muhim yo‘nalishlaridan biri ekani alohida e’tirof etildi.
Cho‘lponota uchrashuvi va qabul qilingan deklaratsiya Markaziy Osiyo hamda Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishi, birdamlik va amaliy hamkorlikka asoslangan bu jarayon mintaqamiz iqtisodiy barqarorligi, xavfsizligi va xalqlarimiz farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
M.Komilova,
O‘zA