Poytaxtimizda xalqaro sanoat forumi ish boshladi (+video)
7-9-aprel kunlari “O‘zekspomarkaz”da Xalqaro sanoat forumi ish boshladi. Bir maydonda tog‘-kon, metalga ishlov berish va kimyo sanoati, shuningdek, xavfsizlik, transport, maxsus texnikalar va asbob uskunalar namoyish qilinmoqda.
Qo‘shma ekspozitsiyalarda Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Xitoy, Rossiya va qo‘shni davlatlarning dunyoga tanilgan 200 dan ortiq kompaniyalari, ishlab chiqaruvchilar va nufuzli brendlar o‘zlarining eng so‘nggi ishlanmalarini taqdim etmoqdalar. Shu o‘rinda aytish kerakki ko‘rgazmada Xitoy kompaniyalarining ishtiroki yuqori bo‘ldi. Ular tomonidan noyob uskunalar, qolip tizimlari va avtomatlashtirilgan texnologiyalarning ko‘plab turlari namoyish qilindi.
Ko‘rgazmaning tog‘-kon sanoati qismida soha uchun zamonaviy texnologiyalar va uskunalar, qazilma boyliklarini izlab topish uchun maqbul yechimlar, burg‘ulash texnikasi, tunel qurish va kon ishlariga mo‘ljallangan transport vositalari keng assortimentda namoyish qilindi. Metallurgiya va metalga ishlov berish, dastgohsozlik, mashinasozlik, payvandlash texnikalari uchun ham alohida pavilon ajratilib, bu yerda o‘lchash uskunalarining eng yangi namunalari, soha uchun butlovchi qismlar, eritish va isitish tizimlari va boshqa sanoat komponentlari haqida bilib olish hamda birinchi qo‘ldan xarid qilish imkoni yaratildi. Albatta har bir biznesning taraqqiyoti avvalo zamonaviy uskunalar bilan bevosita bog‘liqdir. Tashkilotchilarining ta’kidlashicha ushbu ko‘rgazma mintaqada xalq xo‘jaligining turli tarmoqlari uchun zarur bo‘lgan uskunalarni xarid qilishga yoki mahalliy korxonalarimizning yirik biznes vakillariga tanishtirishga qulay bir platformadir. Zero, unda xalqaro ekspertlarning taqdimotlari, yuzma-yuz uchrashuvlar va yangi loyihalarning namoyishi bo‘lib o‘tadi.
Tadbir ishtirokchilari uchun bu yerda dunyoning va mahalliy yetakchi kompaniyalarning eng so‘nggi texnologiyalari va uskunalari bilan yaqindan tanishish, foydali shartnomalar tuzish va o‘z bizneslarini yangi formatda yo‘lga qo‘yishlari uchun yetarlicha shart-sharoit yaratilgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/qTzzz6JL79U" title="Poytaxtimizda xalqaro sanoat forumi ish boshladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Yoqubjon Meliboyev, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA