Poytaxtda zamonaviy suv inshooti quriladi
O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy siyosatida o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklik aloqalarini kengaytirish ustuvor yo‘nalishlardan biri. Ayniqsa, infratuzilmani modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan loyihalar doirasida xalqaro hamkorlikning ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Shu nuqtai nazardan, hukumat delegatsiyasining Birlashgan Arab Amirliklariga amalga oshirilgan rasmiy tashrifi doirasida qator muhim uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi. Delegatsiyaga Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev rahbarlik qildi. Delegatsiya tarkibida “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Ahmad Suvonqulov ham ishtirok etdi.

Tashrif davomida iqtisodiyot, turizm, logistika, raqamli transformatsiya, infratuzilma hamda suv xo‘jaligi yo‘nalishlarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.

Xususan, suv ta’minoti va oqova suvlarni boshqarish sohasida faoliyat yurituvchi yirik xalqaro operator – "TAQA Water Solutions" kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv alohida ahamiyat kasb etdi. Muloqot chog‘ida Toshkent shahri uchun yangi oqova suv tozalash inshootini barpo etish loyihasini bosqichma-bosqich amalga oshirish, uni jadallashtirish hamda samarali boshqaruv mexanizmlarini joriy etish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanishicha, mazkur loyiha poytaxt infratuzilmasini tubdan yangilash, ekologik muvozanatni mustahkamlash hamda aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish orqali suv resurslaridan oqilona foydalanish imkoniyatlari kengayadi.
Uchrashuv yakunlari tomonlar o‘rtasida o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlikni mustahkamlash, suv va oqova suv xizmatlari sohasida zamonaviy texnologiyalarni keng tatbiq etish hamda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘lishi bilan ahamiyatlidir.
Nilufar Bozorova, O‘zA