Zominda “aqlli qishloq xo‘jaligi”ga start beriladi
Prezident qarori ijrosi amalda
Yurtimizda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, tarmoqqa innovatsion yechimlar va ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-yanvardagi “Qishloq xo‘jaligini raqamlashtirishni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohada zamonaviy yondashuvlarni keng tatbiq etish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish hamda boshqaruv tizimini takomillashtirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur vazifalar ijrosi doirasida Jizzax viloyatining Zomin tumanida “aqlli qishloq xo‘jaligi” yo‘nalishida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boshlandi.
— Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalardan foydalanish samaradorlikni oshirishning eng muhim omiliga aylanmoqda. – deydi Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniyev loyiha yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib. – “Aqlli qishloq xo‘jaligi” loyihasi orqali tumanda yer resurslaridan foydalanishni to‘liq shaffof va aniq tizimga o‘tkazishni maqsad qilganmiz. Raqamli xarita asosida har bir gektar yer bo‘yicha aniq ma’lumot shakllanadi. Dronlar va sun’iy intellekt esa ekinlar holatini real vaqt rejimida monitoring qilish imkonini beradi. Eng muhimi, qarorlar tezkor va ilmiy asosda qabul qilinadi.

Uning ta’kidlashicha, mazkur tashabbus hosildorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va tuman qishloq xo‘jaligini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Loyihaning eng muhim jihati respublikada ilk bor “raqamli qishloq xo‘jaligi xaritasi”ni yaratish orqali yagona intellektual ma’lumotlar bazasini shakllantirishdir. Ushbu pilot loyiha orqali yer maydonlari va qishloq xo‘jaligi resurslari to‘g‘risidagi ma’lumotlar yagona tizimga jamlanadi hamda boshqaruv samaradorligi oshiriladi.
Shuningdek, zaxiradagi yaylov va lalmi maydonlar to‘liq raqamlashtirilib, dronlar orqali ekinlar holati, tuproq namligi, zararkunandalar va kasalliklar tarqalishi, sug‘orish jarayonlari real vaqt rejimida kuzatib boriladi. Bu fermer va dehqonlarga tezkor va aniq qaror qabul qilish imkonini kengaytiradi.
Ilg‘or texnologiyalar joriy etilishi doirasida hosildorlikni prognoz qilish, sun’iy intellekt elementlaridan foydalanish hamda aerokosmik monitoring orqali yerlar holatini baholash kabi zamonaviy yechimlar tatbiq etiladi. Natijada resurslardan tejamkor foydalanish ta’minlanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi va sifati oshiriladi.
Mutaxassislar fikricha, bunday innovatsion loyihalar qishloq xo‘jaligini industrial rivojlanish bosqichiga olib chiqib, hududlar iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri