Polvonlarimizda beshta medal
Kurash bo‘yicha o‘tkazilayotgan X jahon chempionatining dastlabki kunida besh nafar polvonimiz shohsupaga ko‘tarildi.
Kurash bo‘yicha o‘tkazilayotgan X jahon chempionatining dastlabki kunida besh nafar polvonimiz shohsupaga ko‘tarildi.Eronning Xurramobod shahrida o‘tkazilayotgan jahon chempionatida ellikdan ziyod mamlakatdan ikki yuzdan ortiq polvon g‘oliblik uchun bellashmoqda. Nufuzli musobaqaning dastlabki kunida to‘rtta vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Vazni 81 kilogrammgacha bo‘lgan kurashchilar bellashuvining finalida ikki polvonimiz gilamga chiqdi. Qiziqarli bahsda Temurxon To‘rayev Ruslan Boltayevni mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Eronlik Ilyos Aliakbariy va turkmanistonlik Sardor Jummiyev bronza medal bilan taqdirlandi.
Vazni 100 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar o‘rtasida qatnashgan Erkin Doniyorov hal qiluvchi bellashuvda mezbonlar vakili Muslim Nuriyni yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Eronlik Vohid Nuriy va ukrainalik Vladislav Zembitskiy uchinchi o‘rinni egalladi.
100 kilogrammdan og‘ir bo‘lgan kurashchilar o‘rtasidagi final musobaqasi ham polvonlarimiz o‘rtasida kechdi. Muhsin Hisomiddinov birinchi, Bekzod Karimov ikkinchi, eronlik Hamid G‘oliy va Jafar Pahlavoniy uchinchi o‘rinni egalladi.
90 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar bellashuvida eronlik Sayidaliasqar Musoviy, Yunus Valizoda, gruziyalik Georgiy Iadze va ukrainalik Igor Knish g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.