Po‘lat Ashurov: O‘zaro hurmat va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan munosabatlar xalqlarimiz hayotida o‘z aksini topmoqda
Ma’lumki, shu kunlarda poytaxtimizda O‘zbekiston-Tojikiston qo‘shma tarmoqlararo ko‘rgazmasi davom etmoqda. Mazkur ko‘rgazmada ishtirok etayotgan Tojikistonning “Apricot & Company” firmasi direktori Po‘lat Ashurov O‘zA muxbiriga qisqa intervyu berdi.
– O‘zbekistonga uchinchi marta kelishim. Har gal kelganimda yangilanish, o‘zgarish va ulkan bunyodkorlikka guvoh bo‘lyapman. Ayniqsa, Toshkent tanib bo‘lmas darajada o‘zgaryapti. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazish, tanishish va o‘zaro tajriba almashishda mana shunday qo‘shma ko‘rgazmalar, yig‘inlar muhim ahamiyatga ega. Yurtingizda ishbilarmonlar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘rib juda havas qilaman. Mahsulotlarini ishlab chiqarishdan tortib, uni eksport qilishgacha bo‘lgan jarayonlar davlat nazorati va e’tiborida. Xorijiy investorlar uchun ham juda keng imkoniyatlar yaratilgan. Shu bois ham so‘ngi vaqtlarda O‘zbekiston haqida dunyoning ko‘plab davlatlari ijobiy fikrlar bildiryapti, yurtingizni dunyo tanimoqda.
Bizga o‘lkangiz orqali boshqa davlatlarga, ayniqsa, Xitoy bozoriga kirish imkoniyati bor. Bu esa savdo aloqalarimizda muhim bosqich hisoblanadi. Kompaniyamiz quruq mevalarni qadoqlaydi va turli davlatlarga eksport qiladi. 30 turdan ortiq quritilgan mevalarimiz mazasi, sifati va ajoyib qadog‘i bilan ajralib turadi.
Shu o‘rinda o‘zbek-tojik munosabatlari tarixiy ahamiyatga ega ekanligini ham aytib o‘tmoqchiman. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaqinlik umumiy tarix, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar asosida shakllangan. O‘zaro hurmat va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan munosabatlar xalqlarimiz hayotida o‘z aksini topmoqda.
Fikrimcha, bu kabi tadbirlar, bordi-keldi aloqalarimiz va davlat rahbarlarimizning uchrashuvlari mintaqamiz iqtisodiyoti rivojlanishiga xizmat qiladi hamda xalqlarimizning turmush farovonligini oshirishga zamin yaratadi.
G.Sattorova, S.O‘rmonov (surat), O‘zA