Bu yurtda hurmat, mehr-oqibat ustuvor!
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining Media markazida «Bag‘rikenglik haftaligi» yakuniga bag‘ishlangan Xalqaro press klub sessiyasi tashkil etildi.
BMT Bosh Assambleyasining qaroriga ko‘ra, 1997 yildan buyon 16 noyabr har yili jahonda «Xalqaro bag‘rikenglik kuni» sifatida nishonlanib kelinadi. Ushbu sana O‘zbekistonda juda ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi totuvlikni ta’minlash, bag‘rikenglik borasidagi O‘zbekiston tajribasi Markaziy Osiyo va boshqa rivojlangan davlatlar uchun andoza bo‘lib xizmat qilayotgani xalqaro miqyosda ham yuksak e’tirof etilmoqda.

Xalqaro press klub sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Azamat Toshev va boshqalar yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni yanada mustahkamlash maqsadida 15-20 noyabr kunlari «Bag‘rikenglik haftaligi» yuqori saviyada o‘tkazilganini ta’kidladi.
Haftalik davomida mamlakatimizning barcha hududlaridagi mahallalar, oliy o‘quv yurtlari, maktablar, kutubxona va ma’naviyat maskanlarida tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Yangi va zamonaviy «Do‘stlik saroylari» tantanali ochildi.
– Yaqindagina markazimiz o‘zining 25 yilligini juda yuqori saviyada keng nishonladi, – dedi O‘zbekiston turk milliy madaniy markazi raisi Umar Salmonov. – Unda turkiyalik mehmonlar ham ishtirok etdi. O‘zbekistonda milliy madaniy markazlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, turli millat va diniy konfessiyalarning ahil va inoqlikda istiqomat qilishi turkiyalik yuqori martabali mehmonlar tomonidan ham alohida e’tirof etildi.

– Bizning yurtimizda yoshlarni bag‘rikenglik ruhida tarbiyalashga sira hojat yo‘q, deb hisoblayman, – dedi O‘zbekiston rus milliy madaniy markazi faoli Lyudmila Balabanova. – Sababi, O‘zbekistonimizda bag‘rikenglikdan ham ko‘ra, barchada «hurmat, mehr-oqibat» degan tushunchalar ko‘proq ustuvor o‘rin tutadi. Ko‘p yillar davomida pedagog sifatida faoliyat ko‘rsatib yoshlarimizning o‘zgalarga hurmat, ehtirom tuyg‘usi bilan tarbiyalangani, shu ruhda kamolga yetayotgani qalbimizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi. Agar joiz bo‘lsa, «bag‘rikenglik» tushunchasining o‘rniga ko‘proq «hurmat» tushunchasini qo‘llagan bo‘lardim. Negaki, chindan ham bu yurtda boshqalarga hurmat tuyg‘usi juda baland ekaniga har kim guvoh bo‘lmoqda.
Xalqaro press klub sessiyasida ma’rifiy haftalikning ahamiyati, uning sarhisobi xususida batafsil so‘z yuritildi. Garchi «Bag‘rikenglik haftaligi» yakunlansa ham, o‘zaro hurmat, ehtirom, mehr-oqibat, hamjihatlik O‘zbekistondek tabarruk diyorda doim ustuvor ekani alohida e’tirof etildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA