Shakar aholimizning kundalik iste’mol qiladigan mahsulotlaridan biridir. Pishiqchilik mavsumi yaqinlashishi bilan bu mahsulotga bo‘lgan talab yanada ortib ketadi. Sababi, uy bekalari turli xil mevalardan murabbo, varene, kompot, sharbatlar tayyorlab, bankalarga solib, qishga g‘amlab qo‘yadi. O‘tgan yillarda ayni shu mavsumda bozor va savdo majmualarida shakar taqchilligi kuzatilib, mahsulot narxining qimmatlashish holatlari kuzatilgan edi.
Joriy yilda ham shakar taqchilligi kuzatilish yoki narxi ko‘tarilishi mumkinmi? Qay darajada mavsumda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy vaziyatlarning oldi olingan?
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, shakar mahsulotini ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchi mahalliy tadbirkorlarning 2023 yildagi faoliyatida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
bugungi kunda mahalliy shakar zavodlari shakar xomashyosini jahon birja kotirovkalariga nisbatan arzon narxlarda Braziliya davlatidan xarid qilmoqda. Xususan, joriy yil 15 aprel holatiga ko‘ra, mazkur zavodlarda 357 ming tonna shakar mahsuloti resurslari mavjud hamda arzon narxlarda xomashyo yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar imzolangan. Shundan, omborda 8 ming tonna tayyor shakar va 78 ming tonna xomashyo, iyun oyiga qadar 271 ming tonna xomashyo yetkazib beriladi.
Shuningdek, ichki bozorni shakar mahsuloti bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Birinchi bosqich, joriy yil 1 mayga qadar shakar ishlab chiqarish quvvatlarini o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga ko‘paytirish, sutkasiga 2,5 ming tonnagacha shakar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bunda, yillik shakar ishlab chiqarish 600 ming tonnadan 1 million tonnagacha ortishi kutilmoqda.
Shuningdek, respublika aholisini yetarli miqdorda va maqbul narxlarda shakar va un mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha Hukumat tomonidan zarur choralar ko‘rilgan.
bugungi kunda aholiga shakar 11 500 – 14 000 so‘mdan, ayrim olis hududlarda 12 000 – 15 000 so‘mgacha chakana narxlarda realizatsiya qilinmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Respublika aholisining yillik ehtiyojini (o‘rtacha 650 ming tonna) barqaror ta’minlash uchun zarur darajada (1 million tonna) shakar mahsuloti mavjud va hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q.
M.Qosimova, O‘zA