Pensiya tayinlashda qog‘ozbozlikka chek qo‘yiladi
Pensiya tayinlash jarayonida fuqaroning idorama-idora yurishi, turli hujjatlarni yig‘ishi va ma’lumotlarni qog‘oz shaklida taqdim etishiga bosqichma-bosqich barham beriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, ayrim pensiyalar fuqaroning murojaatisiz avtomatik ravishda tayinlanadi, zarur xizmatlar esa onlayn shaklga o‘tkaziladi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 28-sentabrdagi “Davlat pensiya ta’minotiga oid zamonaviy xizmatlarni joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida bu borada bir qancha vazifalar belgilab berildi. Mazkur hujjatga asosan, 2026-yil 1-noyabrdan ayrim toifadagi shaxslarga umumiy belgilangan yoshdan ikki yil avval yoshga doir pensiya fuqaroning murojaatisiz, ya’ni proaktiv tarzda tayinlanadi. Yana bir muhim yangilik — boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlash tartibi ham avtomatlashtiriladi. 2027-yil 1-yanvardan ushbu pensiya fuqarolarning murojaatisiz proaktiv shaklda tayinlanadi.
Shuningdek, fuqarolar imtiyozli shartlarda pensiya tayinlash, pensiyani qayta hisoblash yoki uning turini o‘zgartirish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Pensiyaga oid ma’lumotlarni bir joydan ko‘rish imkonini beruvchi “Mening pensiyam” onlayn xizmati ham ishga tushiriladi. Mazkur tizim 2027-yil 1-yanvardan joriy etiladi.
Eng katta o‘zgarishlardan biri esa qog‘oz hujjatlar bilan bog‘liq. Shu sanadan boshlab Pensiya jamg‘armasi tomonidan fuqarolardan qog‘oz shaklidagi hujjatlar hamda ma’lumotlarni qabul qilish amaliyoti bekor qilinadi. Ya’ni, pensiya ta’minotida yangi bosqich — ma’lumotni fuqarodan talab qilish emas, mavjud elektron ma’lumotlar asosida xizmatni davlatning o‘zi ko‘rsatishi tamoyiliga o‘tilmoqda.
Fuqarolar ularga imtiyozli shartlarda pensiya tayinlash, pensiyalarni qayta hisoblash va pensiyani boshqa turiga o‘zgartirish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali onlayn murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. Bu tizimning asosiy maqsadi — pensiya tayinlash jarayonini soddalashtirish, ortiqcha qog‘ozbozlikni qisqartirish va fuqaroga xizmat ko‘rsatishni tezkor hamda qulay shaklga o‘tkazishdan iborat.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA