Pensiya ta’minotiga oid ko‘rsatiladigan xizmatlar interaktiv va proaktiv shaklga o‘tkaziladi
“Davlat pensiya ta’minotiga oid zamonaviy xizmatlarni joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-355-son, 28.09.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, pensiya ta’minotiga oid fuqarolarga ko‘rsatiladigan xizmatlar 2027-yil 1-yanvarga qadar to‘liq interaktiv va proaktiv shaklga o‘tkaziladi.
Pensiya ta’minotiga oid quyidagi xizmatlar fuqarolardan alohida murojaat talab etmagan holda proaktiv shaklda ko‘rsatiladi:
– 2026-yil 1-noyabrdan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslarga umumiy belgilangan yoshdan ikki yil avval yoshga doir pensiya tayinlash;
– 2027-yil 1-yanvardan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlash.
2027-yil 1-yanvardan “Mening pensiyam” onlayn xizmati doirasida pensiya yoshiga bir yil qolgan fuqarolarni oldindan xabardor qilish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, qarorga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan Pensiya jamg‘armasi tomonidan fuqarolardan qog‘oz shaklidagi hujjatlar hamda ma’lumotlarni qabul qilish amaliyoti bekor qilinadi.
Quyidagi xizmatlar fuqarolarning xohishiga ko‘ra, interaktiv shaklda ko‘rsatiladi:
– 2026 yil 1 noyabrdan mehnat sharoiti zararli va og‘ir ishlarda band bo‘lgan hamda boshqa umumiy belgilangan yoshni qisqartirgan holda pensiya olish huquqi mavjud shaxslarga imtiyozli shartlarda pensiya tayinlash;
– 2026 yil 1 dekabrdan O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, pensiyaning boshqa turiga o‘tkazish uchun murojaat qilish;
– 2027-yil 1 yanvardan pensiya to‘lovini naqd pul shakliga o‘tkazish va to‘xtatib turilgan pensiya to‘lovlarini tiklash.
2026 yil 1 oktabrdan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida faoliyatni amalga oshiruvchilar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan miqdordagi ijtimoiy soliq to‘laganda, ularga bir yil ish staji avtomatik hisoblanadi.
Shuningdek, 2027 yil 1 yanvardan rasmiy daromadga ega bo‘lgan shaxslarga ishlamaydigan oila a’zolari ish stajiga ega bo‘lishi uchun har oyda ixtiyoriy ravishda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 12 foizi miqdorida ijtimoiy soliq to‘lash huquqi beriladi.
O‘zA