AOKAda Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi boshqarma boshlig‘i Kamoliddin Hojibekov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Unda qayd etilishicha, Pensiya jamg‘armasi tomonidan 2024 yil yanvar-iyun oylarida 547 ming nafar fuqaroga interaktiv va masofaviy xizmatlar ko‘rsatilgan.
Pensiya oluvchilarga qulaylik yaratish maqsadida 2024 yil 1 yanvardan boshlab fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash uchun amaldagi tartibga qo‘shimcha ravishda ularning xohishiga ko‘ra, Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham murojaat qilish tizimi joriy etilgan. Bunda fuqaro birgina pasport bilan Davlat xizmatlari markazlari orqali yoki o‘zlari ro‘yxatdan o‘tgan holda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza berishi mumkin.
Bundan tashqari, bugungi kunda quyidagi xizmatlar elektron shaklda ko‘rsatilmoqda:
– pensiya oluvchilar ro‘yxatida mavjudligi va fuqarolarga to‘langan Pensiya miqdorlari to‘g‘risida Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish orqali elektron ma’lumotnomalar taqdim etish;
– Pensiya jamg‘armasi hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlarining telefon raqamlari va manzil, ya’ni lokatsiya ma’lumotlarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bilish;
– pensiyalarni vaqtincha to‘xtatib turish uchun Pensiya jamg‘armasiga tashrif buyurmasdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali ariza berish;
– pensiyalarni plastik kartada olish uchun arizalarni Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga murojaat qilmagan holda elektron shaklda rasmiylashtirish. Bunda pensiya oluvchilar istalgan tijorat bankiga bank plastik kartasini olish uchun murojaat qiladi. Tijorat banklari pensiya oluvchining bank plastik karta ma’lumotlarini Pensiya jamg‘armasiga elektron shaklda yuboradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA