Paxtakorda ijobiy o‘zgarishlar yuz bermoqda
Jizzax viloyati hokimligi Axborot xizmati tashabbusi bilan Paxtakor tumaniga tashkil etilgan press-tur ishtirokchilari hududdagi yangilanishlar bilan bevosita tanishib, amalga oshirilayotgan ishlar samarasini joyida ko‘rdi.
Bugun Paxtakorda kechayotgan o‘zgarishlar mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ifodasidir. Buni esa, eng avvalo, raqamlar va ular ortidagi real natijalar tasdiqlaydi.
Xususan, 2025-yilda 15 ming 364 nafar aholi bandligi ta’minlanib, ishsizlik darajasi 5,9 foizdan 4,4 foizgacha kamaytirildi. “Paxtakor teks” MCHJda 384 ta yangi ish o‘rni yaratilgani hududda sanoat salohiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Kambag‘allikni qisqartirish borasida 5301 nafar aholi qo‘llab-quvvatlanib, natijada ko‘rsatkich 12,9 foizdan 4,1 foizga tushirildi. Bu esa manzilli ishlar orqali odamlar hayotida sezilarli o‘zgarishlar yuz berayotganidan dalolat beradi.
[gallery-29115]
Press-tur davomida infratuzilma ob’ektlarida amalga oshirilgan ishlar ham ko‘zdan kechirildi. Suvonobod, Chamanzor va Buyuk ipak yo‘li mahallalarida 7 kilometr lotok va 6 ta nasos agregati ishga tushirilib, tomorqalarni sug‘orish imkoniyati yaxshilandi. Elektr ta’minotini barqarorlashtirish maqsadida transformatorlar yangilandi. “Tashabbusli byudjet” doirasida 28,4 kilometr ichki yo‘llar asfalt qilinib, hudud qiyofasi yangicha tus oldi.
Qishloq xo‘jaligida ham samaradorlik ortib, 102,6 ming tonna g‘alla va 53,6 ming tonna paxta yetishtirildi. Hosilning asosiy qismi zamonaviy texnika yordamida yig‘ib olingani mehnat unumdorligini oshirdi. Suvdan oqilona foydalanish natijasida 1 ming kub metr suv tejaldi.
Ijtimoiy sohada ham izchil yangilanishlar amalga oshirilmoqda. 13 ming 781 nafar o‘quvchi ta’lim olayotgan maktablarda zamonaviy sharoitlar yaratildi. 872 nafar bitiruvchining 445 nafari oliy ta’limga qabul qilingani ta’lim sifatining oshganini ko‘rsatadi. Tez tibbiy yordam xizmatida chaqiriqlarga javob berish vaqti 10–15 daqiqadan 1 daqiqagacha qisqargani esa aholi salomatligiga qaratilgan e’tiborning amaliy natijasidir.
Press-tur yakunida tuman hokimi Husan Abduvohidov jurnalistlarning savollariga javob berib, amalga oshirilayotgan ishlarda eng asosiy mezon aholi manfaati ekanini ta’kidladi.
Qisqasi, Paxtakordagi o‘zgarishlar raqamlarda emas, balki odamlar hayotida namoyon bo‘lmoqda. Bu esa yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning hayotiy samarasi ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA