Paxta maydonida ilm va tajriba uyg‘unlashdi
Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida paxtachilik sohasida yuqori hosildorlikka erishish, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga keng tatbiq etish va zamonaviy agrotexnologiyalardan samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Sayxunobod tumani va unga yaqin hududlardagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari, agronomlar, tuman hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, olimlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etishdi.

Amaliy muloqot shaklida tashkil etilgan seminarda paxta yetishtirishda yuqori natijalarga erishishning muhim omillari — ilmiy yondashuv, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbir doirasida “Paxtachilikda yuqori hosildorlikka erishishning 8 ta qonuni” asosida g‘o‘za parvarishining bugungi bosqichida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan agrotexnik tadbirlar, sug‘orish va oziqlantirish tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, o‘simliklarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish, hosildorlikni oshirishning ilmiy asoslari haqida so‘z yuritildi.

Mutaxassislar tomonidan dala sharoitini chuqur o‘rgangan holda agrotexnik tadbirlarni rejalashtirish, suv va mineral o‘g‘itlardan me’yor asosida foydalanish, g‘o‘zaning rivojlanish bosqichlariga mos parvarish ishlarini tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Seminarning yana bir muhim jihati shunda bo‘ldiki, unda qishloq xo‘jaligidagi zamonaviy ilmiy izlanishlar natijalari ham taqdim etildi. Jumladan, mikroplastik ifloslanish, antibiotiklarga chidamlilik muammosi va kremniy o‘g‘itlaridan foydalanish samaradorligi bo‘yicha mahalliy olimlarning ilmiy ishlanmalari ishtirokchilar e’tiboriga havola qilindi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov sohada ilmiy yondashuvni kuchaytirish, ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirish va har bir agrotexnik tadbirni o‘z vaqtida hamda sifatli amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.
— Paxtachilikda yuqori hosildorlikka erishish, avvalo, ilmiy asoslangan yondashuv, zamonaviy texnologiyalar va mehnatni to‘g‘ri tashkil etishga bog‘liq. Har bir jarayonni o‘z vaqtida va sifatli bajarish orqali mo‘l va sifatli hosilga erishish mumkin, — dedi vazir.

Tadbir yakunida fermerlar va soha vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularni qiziqtirgan savollarga olimlar va mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi. Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar kelgusidagi ishlar uchun muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi.

Mazkur amaliy seminar ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, fermerlarni zamonaviy bilim va ilg‘or tajribalar bilan boyitish, paxtachilikda yuqori samaradorlikka erishish uchun muhim zamin yaratadi.
G‘ulom Primov, O‘zA