Partiya tashkilotlari va deputatlar faoliyati sarhisob qilindi
O‘zbekiston «Adolat» SDP tomonidan partiya tuman va shahar kengashlari hamda deputatlarining faolligini oshirish, o‘zaro tajriba almashish orqali ish samaradorligini yuksaltirish maqsadida o‘quv-seminar tashkil etildi. Unda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi partiya tuman hamda shahar kengashlari raislari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar, shuningdek, partiya faollari ishtirok etdi.
Tadbirda partiya Siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosari Ozoda Parpiboyeva partiya tashkilotlari va deputatlarning ish faoliyati samaradorligini oshirish haqida so‘z yuritdi. Aholi bilan muloqotni mustahkamlash, fuqarolarni qiynayotgan muammolarga amaliy yechim topish, partiya dasturiy vazifalarini amaliyotga tatbiq etishda partiya tashkilotlari va mahalliy Kengashlardagi deputatlarning tashabbuskorligi alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
So‘zga chiqqanlar partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, fuqarolarning huquqiy va siyosiy madaniyatini yuksaltirish, yoshlar hamda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasidagi ishlarni jadallashtirish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Seminar doirasida ishtirokchilar xalq deputatlari Sergeli tuman Kengashidagi partiya deputatlarining ish tajribasi bilan yaqindan tanishdi.
M.Komilova, O‘zA