Parrandachilik sohasida Vengriya bilan tajriba almashildi
Vengriyaning Shiofok shahrida chorva va parranda oziqlantirish sohasida faoliyat yurituvchi AGROFEED kompaniyasining 25 yilligi hamda "Agrofeed International Animal Nutrition Symposium (AIMS 2026)" xalqaro simpoziumi bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro tadbirda mamlakatimizdan «Parrandasanoat» uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Ahmedov hamda O‘zbekistonning yetakchi parrandachilik korxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, simpoziumda parrandani oziqlantirishning zamonaviy texnologiyalari, ozuqa samaradorligini oshirish va ishlab chiqarish xarajatlarini maqbullashtirish, parrandachilik mahsuldorligini yaxshilash, barqaror ishlab chiqarish va innovatsion yechimlarni joriy etish hamda xalqaro tajriba almashish va yangi hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Parrandachilikda ozuqa sifati va undan samarali foydalanish mahsulot tannarxi, mahsuldorlik hamda korxonalarning raqobatbardoshligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois xalqaro simpoziumda taqdim etilayotgan ilg‘or texnologiyalar va ilmiy yondashuvlar O‘zbekiston parrandachilik korxonalari uchun amaliy ahamiyatga ega.
AGROFEED kompaniyasi so‘nggi uch yil davomida «Parrandasanoat» uyushmasi tomonidan O‘zbekistonda tashkil etilgan xalqaro parrandachilik forumlarining bosh hamkori va bosh homiysi sifatida ishtirok etib kelmoqda.

Bunday xalqaro muloqotlar ilg‘or tajribalarni o‘rganish, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish va O‘zbekiston parrandachilik tarmog‘ining xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini mustahkamlash uchun muhim imkoniyat.
G.Boboyeva,
O‘zA