Parlament nazorati – islohotlar samaradorligining muhim omili
Navoiyda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva ishtirokida Oliy Majlis Senati Kengashining sayyor majlisi o‘tkazildi.
Unda viloyatni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish dasturlarining amalga oshirilishi, Prezident tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi hamda sohadagi mavjud muammolar atroflicha tahlil qilindi.
Qayd etilganidek, joriy yilning birinchi yarim yilligida viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 113,9 trillion so‘mni tashkil etib, iqtisodiy o‘sish sur’ati 6,7 foizga yetdi. Sanoat ishlab chiqarishi 5,4 foiz, qurilish ishlari 28,3 foiz, bozor xizmatlari 18,9 foiz, qishloq xo‘jaligi esa 4,4 foizga o‘sdi.
Prezident videoselektor yig‘ilishlarida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va xususiy sektorni iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveriga aylantirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida viloyatda qariyb 1,5 mingta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etildi. Shuningdek, kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 3,2 trillion so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi. Ularning 945 milliard so‘mi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish”, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash”, “Biznesga birinchi qadam” va “Mahalla loyihasi” dasturlari doirasida yo‘naltirildi. Bu esa mahallalarda yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, ijtimoiy jihatdan og‘ir hududlarni rivojlantirish maqsadida Konimex va Navbahor tumanlari hamda 12 ta “og‘ir mahalla”da umumiy qiymati 156 milliard so‘mlik 60 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Bu loyihalar orqali muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan.
Biroq majlisda Prezident videoselektor yig‘ilishlarida tanqid qilingan masalalar bilan hamohang ravishda ayrim yo‘nalishlarda kamchiliklar ham saqlanib qolayotgani qayd etildi. Xususan, Tomdi tumanida qurilish ishlarining o‘sish sur’ati ta’minlanmagan, G‘ozg‘on shahri va Konimex tumanida sanoat ishlab chiqarish prognoz ko‘rsatkichlari bajarilmagan. Xatirchi tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmida o‘sish sur’ati past bo‘lib, aholi jon boshiga ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari o‘smagan.

Shuningdek, eksport prognozlari oltita hududda bajarilmagan. Tomdi va Uchquduq tumanlarida natijalar eng past darajada qolmoqda. Karmana, Konimex, Tomdi, Xatirchi tumanlari hamda G‘ozg‘on shahrida yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida hali birorta ham loyiha ishga tushirilmagan bo‘lsa, Navoiy va Zarafshon shaharlari hamda Konimex, Xatirchi va Nurota tumanlarida soliq qarzdorligi oshib bormoqda.
Majlisda ta’kidlanganidek, iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash, aholi bandligini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish har bir tuman, shahar va mahalla rahbarining shaxsiy mas’uliyati bo‘lishi lozim. Prezident tomonidan belgilangan vazifalarning to‘liq ijrosini ta’minlash uchun har bir investitsiya loyihasi, har bir yangi ish o‘rni va har bir mahalladagi iqtisodiy imkoniyatlar qat’iy nazoratga olinishi zarur.

Shu munosabat bilan xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi bo‘yicha mutasaddi rahbarlarning hisobotlarini muntazam eshitib borish tavsiya etildi. Bu parlament nazoratining ta’sirchanligini yanada oshirish, qabul qilingan qarorlarning amaldagi natijadorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Yig‘ilish yakunida bildirilgan taklif va mulohazalar asosida Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarori qabul qilinib, belgilangan vazifalarning to‘liq va sifatli ijrosini ta’minlash, hududlarning iqtisodiy salohiyatini ishga solish, aholi bandligini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri