O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjonning mintaqaviy hamkorligini rivojlantirish istiqbollarini belgilab berdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-iyul kuni Qirg‘iziston Respublikasining Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.
Tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdilar.

Davlat rahbarlari Markaziy Osiyo va Ozarbayjon mamlakatlari va xalqlarining barqaror rivojlanishi, iqtisodiy taraqqiyoti, xavfsizligini ta’minlash hamda farovonligini yuksaltirishga doir dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
O‘zbekiston yetakchisi so‘zining avvalida norasmiy sammitni o‘tkazish tashabbusi va Issiqko‘l sohilidagi iliq qabul uchun Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga ham Maslahat uchrashuvlari formatida samarali raislik qilayotgani uchun tashakkur izhor etildi.
Mintaqa mamlakatlari mustaqilligining 35 yillik bayramlarini nishonlash arafasida har birining davlatchilikni barpo etish, iqtisodiy o‘sish va milliy tiklanish borasida erishgan muvaffaqiyatlariga yuksak baho berildi.

– Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz natijasida Markaziy Osiyo bugungi kunda taraqqiyotning umumiy maqsadlari yo‘lida birlashmoqda, – dedi Prezidentimiz.
Mamlakatimiz yetakchisi murakkab va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan xalqaro voqelikni tahlil qilar ekan, uchrashuv ishtirokchilarini qat’iyat bilan harakat qilish va o‘zaro muvofiqlashuvni yanada kuchaytirishga chaqirdi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlari formatiga qo‘shilishi o‘zaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi – makromintaqaviy darajaga olib chiqmoqda.

– Biz uchun Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va yaqin qo‘shnimiz – Afg‘onistonni birlashtiruvchi yagona taraqqiyot makonini shakllantirish borasida tarixiy imkoniyat ochilmoqda, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Prezidentimiz Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon o‘rtasida barqaror rivojlanish, o‘zaro bog‘liqlik va yaxshi qo‘shnichilik uchun mustahkam zamin yaratish maqsadida mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha nuqtai nazarini bayon qildi.

Avvalo, mintaqaviy hamkorlikning barqaror arxitekturasini shakllantirishga o‘tish muhimligi ta’kidlandi. Uning tuzilishi hamkorlikning samarali institutlari, tarmoq idoralarining yaqin munosabatlari, hududlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalari hamda rivojlanishning asosiy yo‘nalishlaridagi uzoq muddatli qo‘shma dasturlarga tayanishi zarur.
Mintaqaning xalqaro sub’ekt sifatidagi maqomini mustahkamlash uchun davlatlararo tashkilotlar va “Markaziy Osiyo plyus” formatlari doirasida o‘zaro muvofiqlashtiruvni kuchaytirish lozimligi qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy va transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, uzluksiz sanoat-texnologik zanjirlarni kengaytirish, umumiy raqamli xizmatlarni rivojlantirish hamda investitsiya platformalarini ishga tushirish bo‘yicha kelgusi qadamlarni puxta ishlab chiqish talab etiladi.
Markaziy Osiyoni kadrlar salohiyati, sun’iy intellekt texnologiyalari, data-markazlar va energetika quvvatlarini birlashtirgan yaxlit infratuzilmani yaratish orqali ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar bo‘yicha raqobatbardosh xabga aylantirish masalasi istiqbolli vazifalar qatorida ko‘rsatib o‘tildi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish har doim mintaqaviy kun tartibining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolishi alohida ta’kidlandi. Yagona tabiiy makonimizda yuzaga kelayotgan tahdidlar chegara bilmaydi, shunday ekan ularga javob choralari ham umumiy bo‘lishi kerak.
– Joriy yilgi yozning anomal darajada issiq kelishi iqlim o‘zgarishi allaqachon iqtisodiyot, suv va energetika xavfsizligi, odamlarning salomatligi va hayot sifatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladigan omilga aylanib borayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. Ana shunday yangi xavf-xatarlarga birgalikda moslashish bo‘yicha uzoq muddatli yechimlarni topish muhimdir, – dedi davlatimiz rahbari.
Hamkorlikning o‘zgarmas ustuvor yo‘nalishlari orasida gumanitar aloqalarga alohida e’tibor qaratildi. Mintaqa xalqlari asrlar davomida yonma-yon yashagan, savdo-sotiqni rivojlantirgan, bilim va madaniy an’analar bilan o‘zaro almashgan. Hamkorlik chuqurlashgani sari hamjihatlik tuyg‘usi ham mustahkamlanmoqda.

– Umummintaqaviy o‘ziga xoslik, xalqlarimizning milliy o‘zligi saqlangan holda bosqichma-bosqich shakllanmoqda. Bu hamkorligimizni yangi, yanada chuqurroq gumanitar mazmun bilan boyitishni talab etmoqda, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
O‘zbekiston Prezidenti nutqining yakunida umumiy kuchimiz – birlik, o‘zaro ishonch va birgalikdagi yaratuvchanlikka qat’iy intilishda ekanini yana bir ta’kidladi.
Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon yetakchilari ham so‘zga chiqib, mintaqaviy hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan o‘z qarashlarini bayon qildilar.
Sammit yakunida Cho‘lponota deklaratsiyasi qabul qilindi.