“Pari-Sen-Jermen” – ikki karra g‘olib!
Parijning “Pari-Sen-Jermen” – “PSJ” klubi Yevropa chempionlar ligasi(YeCHL)da ikkinchi marta g‘olib chiqdi.
Klublar o‘rtasidagi dunyoning eng nufuzli musobaqasi hisoblanadigan YeCHL 1956-yildan buyon o‘tkazib kelinadi. Bu musobaqa o‘tgan yildan tamoman yangicha tartibda tashkil etildi. Ya’ni, mamlakat chempionatida erishgan yuqori natijalari va saralash bosqichidan chiqqan jami 36 jamoa shveysarcha tizim qur’asiga ko‘ra to‘rttadan uy va safar uchrashuvlari o‘tkazadi. To‘plagan ochkolariga ko‘ra musobaqa jadvalida dastlabki sakkiz o‘rinni egallagan jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri nimchorak finalga chiqadi. 9–24-o‘rinni egallagan jamoalar esa nimchorak finalga chiqish uchun belgilangan tartib bo‘yicha uy va safar o‘yinlarida g‘oliblarni aniqlaydi.
Avvalo, yangi tartibdagi YeCHL musobaqasining o‘tgan yilgi natijalarini esga olsak. Musobaqa nizomidan kelib chiqqan holda birinchi turdan dastlabki sakkiz o‘rinni egallash uchun kurash qizidi. Bu vazifani “Liverpul”(Angliya) 21 ochko, “Barselona”(Ispaniya) 19, “Arsenal”(Angliya) 19, “Inter”(Italiya) 19, “Atletiko”(Ispaniya) 18, “Bayer”(Germaniya), “Lill”(Fransiya) va “Aston Villa”(Angliya) 16 ochko to‘plab uddaladi va nafaslarini rostladi.
Nomdor jamoalar hisoblangan “Real”(Ispaniya), “Bavariya”(Germaniya), “Yuventus”(Italiya), “Manchester Siti”(Angliya), “PSJ” (Fransiya) jamoalari oxirgi turlardagi g‘alabalari evaziga kuchli 24 jamoa qatoridan o‘rin oldi. Ayniqsa, “PSJ”ning ahvoli 5 tur o‘yinlaridan keyin tang edi. Qolgan uchta o‘yinni yirik hisoblarda yutsagina musobaqani davom ettirardi. “PSJ” 6-turda “Zalsburg”(Avstriya)ni safarda 3:0 hisobida yengdi, 7-turda har bir ochko uchun kurashayotgan “Manchester Siti”ni 4:2 hisobida mag‘lub etdi, 8-turda “Shtutgart”(Germaniya)ni safarda 4:1 hisobida yutib, 13 ochko jamg‘argan holda to‘plar nisbatiga ko‘ra birmuncha qulay 15-o‘rinni egalladi. Chunki yana to‘rtta jamoa 13 ochko to‘plagandi. Agar “PSJ” oxirgi uchta o‘yindan bittasini yutqazsa ham 10 ochko bilan kuchli 24 jamoa qatoriga kirmasdi. “Manchester Siti” esa oxirgi turdagi g‘alabasi evaziga 11 ochko jamg‘ardi va to‘plar nisbatiga ko‘ra 22-o‘rindan joy oldi.
Nimchorak finalga yo‘llanma beradigan o‘yinlar shov-shuvli natijalarga boy bo‘ldi. Bu o‘yinlarning birida “Manchester Siti” va “Real” duch keldi. Ikki o‘yinda ham mag‘lub bo‘lgan (2:3, 1:3) “Manchester Siti” jamoasi “Real” futbolchilariga yo‘l bo‘shatdi. “Yuventus” o‘z maydonida PSV(Gollandiya) jamoasini 2 :1 hisobida yengdi, safarda esa 1:3 hisobida yutqazdi.
Gollandlar g‘alaba golini qo‘shilgan vaqtning 8-daqiqasida kiritdi. “Bavariya” ham safarda “Seltik”(Shotlandiya) jamoasi ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi, o‘z maydonida esa xuddi shunday hisobda yutqazayotgandi. Faqat qo‘shilgan vaqtning 4-daqiqasida hisobni tenglashtirdi va navbatdagi bosqichga chiqdi. Qur’aga ko‘ra o‘z hamyurtlari “Brest” jamoasiga qarshi o‘ynagan “PSJ” futbolchilari har ikki o‘yinda yirik hisobdagi g‘alaba nashidasini surdi – 3 : 0, 7 : 0. Qolgan o‘yinlar natijalari: “Bryugge”(Belgiya) – “Atalanta”(Italiya) – 2:1, 3:1; “Feyenord”(Gollandiya) – “Milan”(Italiya) – 1:0, 1:1; “Monako”(Fransiya) – “Benfika”(Portugaliya) – 0:1, 3:3; “Sporting”(Portugaliya) – “Borussiya”(Dortmund, Germaniya) – 0:3, 0:0.
Nimchorak o‘yinlari boshlandi. “PSJ” – “Liverpul” – 0 : 1. Go‘yo hamma narsa hal bo‘ldi, ammo javob uchrashuvida PSJ shunday hisobda yengdi. Navbat penaltilar seriyasiga keldi. Aynan shunday hayajonli lahzalarda “PSJ” darvozaboni Janluji Donnarumma mahoratini namoyish etdi. “PSJ” penaltilar seriyasini 4 :1 hisobida o‘z foydasiga hal qildi. “Real” – “Atletiko” o‘yinida ham kuchlar teng keldi – 2:1, 0:1. Penaltilar seriyasida omad “Real” futbolchilariga kulib boqdi – 4:2. Qolgan o‘yinlarning natijalari: “Inter” – “Feyenord” – 2:0, 2:1; “Bavariya” – “Bayer” – 3:0, 2:0; “Aston Villa” – “Bryugge” – 3:1, 3:0; “Barselona” – “Benfika” – 1:0, 3:1; “Borussiya” – “Lill” – 1:1, 2:1; “Arsenal” – PSV – 2:1, 2:2. “Arsenal” o‘yin oxirlarida hisobni tenglashtirib, chorak finalga yo‘l oldi.
Chorak final. Muxlislar “Arsenal” va “Real” o‘rtasidagi o‘yindan ko‘p narsa kutgandi. Lekin “Arsenal” ikkala o‘yinda ham g‘alaba qozonib (3:0, 2:1), “Real”ni musobaqadan chiqarib yubordi. Dastlabki o‘yinda Deklan Raysning jarimadan unumli foydalanib, kiritgan ikkita chiroyli goli barchani hayratga soldi. “Bavariya” va “Inter” uchrashuvida ko‘pchilik kutmagan natija qayd etildi. “Inter” safarda 2:1 hisobida g‘alaba qozondi, o‘z maydonida xotirjam durang qildi – 2:2. “PSJ” va “Barselona” dastlabki o‘yindayoq yarim final yo‘llanmasini hal qilib bo‘ldi: “Barselona” – “Borussiya”– 4:0, 1:3; PSJ – “Aston Villa” – 3:1, 2:3.
Yarim final. “PSJ” safar o‘yinida “Arsenal”dan 1:0 hisobida ustun keldi, o‘z maydonida esa 2:1 hisobida zafar quchdi. “Barselona” o‘z maydonida “Inter” bilan durang o‘ynadi – 3:3. Milandagi o‘yin ham birinchi uchrashuvga o‘xshash tarzda boshlandi. Yana “Barselona” ikkita tezkor golni o‘tkazib yubordi. 60-daqiqaga kelib hisobni tenglashtirdi, hatto 87-daqiqada gol urib hisobda oldinga chiqdi – 3:2. Asosiy vaqt tugadi, hakam qo‘shgan daqiqalar boshlandi. Qo‘shilgan vaqtning oxirgi soniyalarida italiyaliklar qarshi hujumda hisobni tenglashtirishdi – 3:3. Qo‘shimcha bo‘limlar belgilandi. Italiyaliklarning 99-daqiqada kiritgan goli “Inter”ga final yo‘llanmasini taqdim etdi.
Final. 31-may. Myunxen. Maydonda “PSJ” va “Inter” futbolchilari saf tortdi. Barcha qiziqarli va murosasiz o‘yinni kutgandi. Lekin “PSJ” jamoasi raqiblaridan ustun ekani o‘yin boshidan sezildi. Hisob – 5:0. Aslida hisob bundan yirikroq bo‘lsa ham hech kim ajablanmasdi. Final o‘yinining eng yaxshi o‘yinchisi deb ikki gol muallifi va bitta samarali uzatmani amalga oshirgan 19 yoshli Dezire Due e’tirof etildi. YeCHLning shu mavsumida 13 tadan gol urgan Rafinya(“Barselona”) va Girassi(“Borussiya”) eng yaxshi to‘purar bo‘ldi.
Endi yuqoridagi musobaqa jadvaliga qarang. Kuchli sakkizlikni qaysi jamoalar egallagandi? “PSJ” bu jadvalda 15-o‘rinda edi. Biroq, hal qiluvchi o‘yinlarda “PSJ” kuchli sakkizlikdagi jamoalarni mag‘lubiyatga uchratdi. Biz Angliya chempionatini eng kuchli chempionat sifatida ta’riflaymiz. “PSJ” YeCHL o‘yinlarida o‘tgan mavsumda Angliya chempionatida 1–3-o‘rinlarni egallagan “Liverpul”, “Arsenal” va “Manchester Siti”ni yutdi. Darhaqiqat, Luis Enrike boshchiligidagi “PSJ” kuchli jamoa ekanini isbotladi. YeCHL ramziy jamoasiga yetti nafar futbolchisi kiritilgani buning dalilidir: Janluji Donnarumma, Nunu Mendesh, Markinos, Ashraf Hakimi, Vitinya, Usmon Dembele, Dezire Due(hammasi “PSJ”dan), Alessandro Bastoni(“Inter”), Deklan Rays(“Arsenal”), Yamal va Rafinya(ikkalasi “Barselona”dan).
Bu mavsumda o‘tgan yilgi musobaqa natijalaridan xulosa chiqargan jamoalar dastlabki turdan har bir ochko uchun kurash olib bordi va kuchli sakkizlik quyidagi tartibda joylashdi: “Arsenal” 24, “Bavariya” 21,”Liverpul” 18, “Tottenxem” 17, “Barselona”, “Chelsi”(Angliya), “Sporting”(Portugaliya” va “Manchester Siti” 16 tadan ochko. Kuchli sanaladigan “Real”, “Inter”, “PSJ”, “Yuventus”, “Atletiko” kabi jamoalar 9-24-o‘rinlardan joy oldi. Nimchorak finalga chiqish o‘yinlarida “PSJ” safarda “Monako”(Fransiya) klubini safarda 3 : 2 hisobida yutdi va o‘z maydonida xotirjam durang(2:2) o‘ynadi. Norvegiyaning “Bude Glimt” jamoasi o‘tgan yilgi finalchi “Inter”ni ikki bor 3:1, 2:1 hisoblarida mag‘lubiyatga uchratishi eng kutilmagan natija bo‘ldi. Turkiyaning “Galatasaroy” jamoasi o‘z maydonida “Yuventus”ni 5:2 hisobida yengdi.
Safardagi o‘yinning asosiy vaqtida 0:3 hisobi qayd etildi va qo‘shimcha taymlar belgilandi. Qo‘shimcha bo‘limlarda ikkita gol urgan turkiyaliklar nimchorak finalga chiqdi. Qolgan juftliklarda kuchlilar o‘z vazifalarini bajardi.
Nimchorak final. Yana “Manchester Siti” va “Real” duch keldi. Ikki o‘yinda ham g‘alaba qozongan(3:0, 2:1) “Real” yana “Manchester Siti”ni musobaqadan chiqarib yubordi. “Bude Glimp” o‘z maydonida “Sporting” ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ammo “Sporting” o‘z maydonida 5:0 hisobida yutdi. “Galatasaroy” o‘z maydonida “Liverpul”ni 1:0 hisobida yengdi, lekin safarda 0:4 hisobida yutqazdi. Qolgan o‘yinlarda quyidagi natijalar qayd etildi: “Atalanta” – “Bavariya” – 1:6, 1:4; “Nyukasl”(Angliya) – “Barselona” – 1:1, 2:7; “PSJ” – “Chelsi” – 5: 2, 3:0; “Bayer” – “Arsenal” – 1:1, 0:2; “Atletiko” – “Tottenxem” – 5:2, 2:3.
Chorak final. Eng qiziqarli bahs “Real” va “Bavariya” o‘rtasida kechdi. Madriddagi o‘yinda “Bavariya” 2:1 hisobida g‘alabani tantana qildi. Germaniyadagi o‘yinda “Real” birinchi bo‘limdan keyin 3:2 hisobida oldinda edi. Bu hisob uchrashuvning 89-daqiqasigacha saqlanib turdi. Aynan shu daqiqada “Real” gol o‘tkazdi, qo‘shilgan vaqtda yana bitta gol va musobaqani tark etdi. Qolgan o‘yinlarning natijalari: “PSJ” – “Liverpul” – 2:0, 2:0; “Sporting” – “Arsenal” – 0:1, 0:0; “Barselona” – “Atletiko” – 0:2, 1:2.
Yarim final. “PSJ” – “Bavariya” – 5:4. Uchrashuvning 65-daqiqasigacha parijliklar 5:2 hisobida oldinda edi. Keyingi uch daqiqada ikkita gol o‘tkazib yubordi. Javob uchrashuvi qiziqarli o‘tadi deganlar yanglishdi. Germaniyada bo‘lgan o‘yinda Usmon Dembele 4-daqiqada “Bavariya” darvozasini ishg‘ol qildi. Natijada o‘yin tamoman o‘zgarib ketdi. Mezbonlar javob golini 94-daqiqada urdi va “Bavariya” alamli tarzda musobaqani yakunladi. Ikkinchi bahs natijasi mutaxassislar kutgandek bo‘ldi: “Atletiko” – “Arsenal” – 1:1, 0:1.
Final. 30-may. Budapesht. “PSJ” – “Arsenal” – 1:1(penaltilar seriyasida 4:3). Bu jamoalar o‘tgan yili yarim finalda uchrashgandi va ikkala o‘yinda ham parijliklar g‘alaba qozongandi. Final o‘yini esa ehtiyotkorlikni talab qiladi, har bir xato qimmatga tushishi mumkin. O‘yinning 6-daqiqasida Xavers(“Arsenal”) hisobni ochdi. 65-daqiqada Dembele(“PSJ”) penaltidan hisobni tenglashtirdi. Qolgan vaqtda futbolchilar to‘p bilan muomala qilish madaniyatini namoyish etgan holda penaltilar seriyasini kutdi. “Arsenal” futbolchilaridan Eze va Gabriel penaltini noaniq bajardi, Mendesh(“PSJ”) tepgan penaltini esa darvozabon qaytardi.
Finalning eng yaxshi futbolchisi Vitinya(“PSJ”) bo‘ldi. YeCHLning eng yaxshi to‘purari Mbappe(Real”) – 15 gol. YeCHL ramziy jamoasiga to‘rt nafardan “PSJ” va “Arsenal” futbolchilari kiritildi: Darvozabon Rayya(“Arsenal”). Himoyachilar – Pacho(“PSJ”), Pubil(“Atletiko”), Saliba(“Arsenal”). Yarimhimoyachilar – Kimmix(“Bavariya”), Due(“PSJ”), Rays(“Arsenal”), Kvaratsxeliya(PSJ). Hujumchilar – Saka(“Arsenal”), Dembele(“PSJ”), Luis Dias(“Bavariya”).
Futbol jamoaviy o‘yin va unda bosh murabbiylarning o‘rni beqiyos. Bu mavsumdagi YeCHL o‘yinlarida bosh murabbiylar Luis Enrike(“PSJ”) va Mikel Arteta(“Arsenal”) mutaxassisu muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Ularning har bir o‘yinga futbolchilarni yaxshi tayyorlagani va to‘g‘ri uslub tanlagani uchrashuvlarning qiziqarli, tomoshabop o‘tishini ta’minladi. Lekin bu mavsumda murabbiylik bayrog‘ini baland ko‘tarish Luis Enrikega nasib etgan ekan.
YeCHL 71-marta o‘tkazildi. Shu o‘rinda YeCHLning barcha g‘oliblarini esga olaylik: “Real” 15-marta, “Milan” 7, “Bavariya” va “Liverpul” 6 tadan, “Barselona” 5, “Ayaks”(Gollandiya) 4, “Inter” va “Manchester Yunayted”(Angliya) 3-martadan, “Yuventus”, “Benfika”, “Portu”(Portugaliya), “Nottingem Forest”, “Chelsi”(ikkalasi Angliyadan) va “PSJ” 2-martadan, “Borussiya”(Dortmund), “Seltik”, “Gamburg”(Germaniya), “Feyenord”, “Srvena zvezda”(Belgrad, hozirgi Serbiya), “Styaua”(Ruminiya), “Marsel”(Fransiya), “Aston Villa”, PSV va “Manchester Siti” bir martadan g‘olib bo‘ldi. Xullas, “PSJ” – Yevropa chempionlar ligasining 24-g‘olibi! Endi esa ikki karra g‘olibi. Ha, futboldagi nufuzli musobaqalardan biri bo‘lgan YeCHLning 70 va 71-mavsumi “PSJ”ning g‘alabasi bilan nihoyasiga yetdi.
Endi futbol muxlislari 11-iyun-19-iyul kunlari AQSH, Kanada va Meksika yashil maydonlarida bo‘ladigan jahon chempionati o‘yinlarini kutadi. Unda birinchi marta O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham qatnashadi. Biz yurtimiz futbolchilariga jahon chempionati o‘yinlarida omad tilaymiz.
O‘ZBEKISTON, OLG‘A!
O‘yna futbol, futbol, urgin gol, gol, gol!
Maydonga tushsang bas, doim g‘olib bo‘l!
Kamolga yetkazding qancha xoqonni,
Bilimda lol etding jumla jahonni,
Boksda qulatding Olimp qo‘rg‘onni,
Futbolda ham tanit O‘zbekistonni!
O‘yna futbol, futbol, urgin gol, gol, gol!
Maydonga tushsang bas, doim g‘olib bo‘l!
Mardi maydondasan hayqir, sol dolg‘a,
O‘zingni ayovsiz kurashga chog‘la,
Dadil bo‘l, raqiblar bag‘rini dog‘la,
O‘zbekiston, olg‘a, o‘zbegim, olg‘a!
O‘yna futbol, futbol, urgin gol, gol, gol!
Maydonga tushsang bas, doim g‘olib bo‘l!
Endi poygalarda o‘zbek o‘zadir,
O‘zbek zarbasidan to‘plar to‘zadir,
O‘zbekiston, olg‘a, zafar bizdadir,
Oltin to‘p, oltin toj qora ko‘zdadir!
O‘yna futbol, futbol, urgin gol, gol, gol!
Maydonga tushsang bas, doim g‘olib bo‘l!
O‘zbekiston, olg‘a, o‘zbegim, olg‘a!
Mardi maydondasan hayqir, sol dolg‘a!
Asror MO‘MIN,
O‘zbekistonda xizmat
ko‘rsatgan jurnalist,
Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.