Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari har bir fuqaroning farovon hayoti hamda sog‘lig‘ini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Shu bois O‘zbekistonda ushbu sohani rivojlantirish va zamonaviy infratuzilma yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Oxirgi 8 yil davomida ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari sohasiga 27,5 trillion so‘m yo‘naltirildi. Ushbu mablag‘lar evaziga 3 627 ta inshoot, 40,6 ming km tarmoq qurilib, aholi xizmatiga topshirildi.
Natijada 7,7 million aholi ilk marotaba ichimlik suvi bilan ta’minlandi. 11,5 million aholining suv ta’minoti yaxshilandi, 1,1 million aholi oqova tizimiga ulandi.
Ichimlik suvi qamrovi 63 foizdan 80,9 foizga, oqova suv xizmatlari qamrovi esa 17,2 foizdan 20,9 foizgacha oshdi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zsuvta’minot” AJ rahbariyati hamda mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, ichimlik suvi va oqova xizmatlarining sifati va qamrovini oshirish maqsadida mamlakatimizda yirik infratuzilmaviy loyihalar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Surxondaryo viloyatida “To‘palang” suv ombori asosida amalga oshirilgan loyiha doirasida 147 km ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘on tumanlaridagi 141 ming aholining ichimlik suvi ta’minoti va sifati tubdan yaxshilangan.
Jizzax viloyatida ham Zarafshon daryosining resurslaridan oqilona foydalanish orqali Do‘stlik, Paxtakor, Mirzacho‘l tumanlari va Jizzax shahrining 286 ming nafar aholisi toza ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlanmoqda.
Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida “Oqsuv-Dehqonobod” loyihasi doirasida ilk bor 76 ming nafar aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Ahamiyatlisi, tumanda aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 1,8 foizdan 51,7 foizga ko‘tarilgan.
[gallery-23092]
Shuningdek, Toshkent viloyatida “Qodiriya” suv inshootini rekonstruksiya qilish orqali 8 ming aholi ilk marotaba ichimlik suvidan bahramand bo‘lib, qo‘shimcha 265 ming aholining ta’minoti sezilarli darajada yaxshilangan.
Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlarida amalga oshirilgan loyihalar orqali 275 ming aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan.
Qayd etilishicha, ichimlik suvi ta’minotida zamonaviy boshqaruv va nazorat tizimlarini joriy etish orqali xizmatlar sifati ham oshirilmoqda.
“UzWater”, Geoinformatsion (GIS), SCADA, “Water Lab” kabi tizimlar shular jumlasidan.
Bugungi kunga qadar 38 ta yirik suv inshooti to‘liq raqamlashtirilib, real vaqt rejimida nazorat qilinmoqda.
Hozir “O‘zsuvta’minot” AJ xalqaro hamkorlik doirasida Fransiyaning “SUEZ” kompaniyasi bilan hamkorlikda Surxondaryo viloyatida ikki bosqichli loyihani amalga oshirmoqda. Unda aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 90 foizgacha yetkazilishi rejalashtirilgan.
Joriy yil davomida ichimlik suvi va oqova xizmatlarini kengaytirish uchun 7 trillion so‘m miqdorida mablag‘ o‘zlashtirilishi belgilangan. Bu mablag‘lar hisobiga 23 ta suv inshooti, 139 ta suv tarqatish va suv ko‘tarish stansiyasi, 2 140 km tarmoq barpo etiladi, 225 ming suv hisoblagich o‘rnatiladi.
Natijada 712 ming aholi ilk bor ichimlik suviga ulanadi, 135 ming xonadon oqova suv tizimiga bog‘lanadi. Ichimlik suvi ta’minoti 82,8 foiz, oqova suv qamrovi esa 22,3 foizga yetadi.
Shuningdek, 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan istiqbolli rejalardan biri Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan 125 million dollarlik loyiha ham shular jumlasiga kiradi.
Loyiha doirasida 4 838 ta ultratovushli hisoblagich va 2 861 ta ma’lumot uzatish uskunasi o‘rnatiladi, 80 ming kilometrga yaqin ichimlik va oqova tarmoqlari raqamlashtiriladi, 12,7 mingta inshoot geoaxborot tizimiga kiritiladi, 15 ta ma’lumotlar markazi tashkil etiladi.
Bu orqali suv tarmoqlari ustidan yagona nazorat, shaffof hisob-kitob va texnik yo‘qotishlarni kamaytirish ta’minlanadi. Suv yo‘qotishlari 5 foizgacha qisqartiriladi.
Shuningdek, “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan ekologik tashabbus doirasida Birlashgan Arab Amirliklarining “Envirol” kompaniyasi bilan 50 million dollarlik kelishuv imzolangan. Unga asosan Toshkent shahridagi umumiy ovqatlanish muassasalarida yog‘ tutqich uskunalar o‘rnatilib, to‘plangan chiqindi yog‘lar maxsus qayta ishlash zavodiga yetkaziladi. Ushbu yog‘lardan kirsovun va yoqilg‘i-moylash materiallari ishlab chiqariladi.
Bu tashabbus orqali nafaqat ekologik xavfsizlik oshadi, balki iqtisodiy samaradorlik ham ta’minlanadi, shuningdek, oqova suv tozalash inshootlarining yuklamasini kamaytiradi.
Tadbir yakunida OAV vakillari mutaxassislardan sohaga oid savollariga batafsil javob oldi.
Nilufar Bozorova, O‘zA