Oziq-ovqat mahsulotlari orasiga yashirilgan dori vositalari fosh bo‘ldi
DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari hamda Bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda xorijdan respublikamizga noqonuniy olib kelinayotgan katta miqdordagi dori vositalari to‘xtatib qolindi.
Xususan, Qozog‘iston Respublikasidan Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “S.Najimov” chegara bojxona postiga kirib kelgan Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida yashovchi, 1973 y.t. fuqaro boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, oziq-ovqat mahsulotlari orasiga 52 turdagi, jami 95369 dona tibbiyot buyumlari va dori vositalari yashirilganligi ma’lum bo‘ldi.
Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, noqonuniy yuklarni qabul qilib olgan vaqtida Toshkent tumanida yashovchi, 1986 y.t. shaxs ham ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tegishli baholash hisobotiga ko‘ra, ushbu tibbiy vositalarning umumiy qiymati 1 mlrd 323 mln сўмни tashkil etadi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz ДХХнинг 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.