Kontrafakt dori vositalari fosh etildi
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tezkor vakillari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati hamda Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbir davomida kontrafakt dori vositalari va tibbiy buyumlarning noqonuniy saqlanishi hamda savdosiga oid holat fosh etildi.
Xususan, Peshku tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida nazorat ostiga olingan fuqaroning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Ko‘zdan kechirish jarayonida hech qanday tegishli hujjatlarga ega bo‘lmagan, sifati tasdiqlanmagan va kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan umumiy qiymati 751 million so‘mlik 50 turdagi jami 57 ming 115 dona dori vositalari hamda tibbiy buyumlar yashirin ravishda saqlanayotgani aniqlandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur mahsulotlar keyinchalik noqonuniy tarzda sotuvga chiqarish maqsadida xonadonda “yashirin ombor” sifatida saqlab kelingan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kontrafakt va sifati kafolatlanmagan dori vositalarining tarqalishi aholi salomatligiga jiddiy tahdid soladi. Chunki bunday mahsulotlarning tarkibi, saqlash sharoiti va ishlab chiqarish manbalari noma’lum bo‘lib, ular inson organizmida og‘ir asoratlar keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois, dori vositalarini faqat litsenziyaga ega dorixonalar orqali xarid qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga muvofiq, sifati kafolatlanmagan yoki qalbakilashtirilgan dori vositalari hamda tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki realizatsiya qilish, shuningdek, ularni dorixonalar va ularning filiallaridan tashqari joylarda sotish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri