"O‘zenergoinspeksiya": 135 nafar xodim javobgarlikka tortildi
Energetika sohasida intizomni mustahkamlash, xizmat sifatini oshirish va mas’uliyatni kuchaytirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Bu borada xodimlar faoliyatini tanqidiy baholash, kamchiliklarga nisbatan qat’iy chora ko‘rish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
"O‘zenergoinspeksiya" boshlig‘i Dadajon Isaqulov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda joriy yilning birinchi choragida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.
Unda sohada xizmat intizomini mustahkamlash, mas’uliyatni oshirish va kamchiliklarga nisbatan murosasiz munosabatni ta’minlash zarurligi alohida ta’kidlandi.

O‘rganishlar natijasida xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan yondashgan va topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarmagan xodimlarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rildi. Jami 135 nafar xodim javobgarlikka tortildi. Xususan, 67 nafar xodim ogohlantirildi, 60 nafar xodimning rag‘batlantirish to‘lovlari qisqartirildi. Shuningdek, 4 nafar xodimga hayfsan e’lon qilinib, yana 4 nafar xodim lavozimidan ozod etildi.
Hududlarda ishlarni tashkil etishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham jiddiy tanqid qilindi. Jumladan, Buxoro, Jizzax va Namangan hududiy boshqarmalarida sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani uchun mazkur boshqarmalar boshliqlari o‘rinbosarlari lavozimidan ozod etildi.
Shu bilan birga, inspeksiyaning nazorat-kimyo laboratoriyalari tomonidan neft mahsulotlari sifatini ta’minlash yuzasidan olib borilgan nazorat ishlarida ham kamchiliklar aniqlanib, mas’ul xodimlarga tegishli ogohlantirishlar berildi.
Yig‘ilishda sohada korrupsiyaning oldini olish, shaffoflikni ta’minlash va nazorat mexanizmlarini yanada kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Tadbir yakunida hududiy boshqarmalar mas’ullarining hisobotlari eshitilib, aniq vazifalar yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA