“O‘zenergoinspeksiya”: 6,5 milliard so‘mdan ortiq qonunbuzarlik qayd etildi
Energetika resurslaridan samarali va qonuniy foydalanishni ta’minlash, tarmoqlarda xavfsizlik talablariga rioya etilishini kuchaytirish hamda energiya resurslari yo‘qotilishining oldini olish bo‘yicha nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda. Joylarda o‘tkazilayotgan o‘rganishlar davomida elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish, texnik talablarni buzish hamda xavfsizlik qoidalariga amal qilmaslik bilan bog‘liq qator holatlar aniqlanmoqda.
“O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyevning ta’kidlashicha, energetika sohasida nazorat tadbirlarini kuchaytirish energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash va tizim barqarorligini saqlashda muhim ahamiyatga ega.
– Energetika resurslaridan noqonuniy foydalanish, hisoblash uskunalariga aralashish yoki texnik talablarga amal qilmaslik iqtisodiy yo‘qotishlarga va xavfsizlik bilan bog‘liq jiddiy oqibatlarga olib keladi. Shu bois har bir holat yuzasidan qonunchilik doirasida tegishli choralar ko‘rilmoqda, – dedi u. – Shu o‘rinda, so‘nggi o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasiga e’tibor qaratsak.
Unga ko‘ra, Nukus shahrida o‘tkazilgan tekshiruvda Obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli binoda elektr qurilmalari o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulanib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelingani ma’lum bo‘ldi. Ushbu holat natijasida elektr ta’minoti korxonasiga 787 million so‘mlik zarar yetkazilgan.
Samarqand viloyati Toyloq tumanida joylashgan xususiy korxonaga qarashli avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida yoqilg‘i tarqatish ustunlari davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tmasdan faoliyat yuritib kelgani aniqlandi. Mazkur holat bo‘yicha amaldagi tartiblarga muvofiq realizatsiya qilingan neft mahsuloti hajmining 50 foizi miqdorida, ya’ni 29,7 million so‘m jarima qo‘llanildi.
Jizzax viloyatidagi energetika ob’ektlarida olib borilgan ta’mirlash ishlari ham nazoratdan o‘tkazildi. Xususan, Do‘stlik tumanidagi 110/35/10 kV “Do‘stlik” podstansiyasida ta’mirlash ishlarini amalga oshirayotgan brigada ish joyini tayyorlamagan holda xavfsizlik texnikasi qoidalariga zid ravishda ish yuritayotgani aniqlandi. Mazkur holat bo‘yicha brigada ish joyidan chetlashtirildi.
Shu bilan birga, Toshkent viloyatida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq yirik qoidabuzarliklar qayd etildi. Yangiyo‘l tumanidagi “N.M.S.” MCHJga qarashli AGTKSHda hisoblash uskunasiga tashqi ta’sir ko‘rsatish tufayli 1 milliard 908 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan. Ushbu hududda joylashgan yana bir AGTKSHda ham xuddi shunday holat aniqlanib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra yetkazilgan zarar 1 milliard 898 million so‘mni tashkil qildi.
Bekobod tumanida joylashgan gaz to‘ldirish shoxobchasida esa hisoblash uskunasidagi tamg‘alarga tashqi ta’sir ko‘rsatish oqibatida 1 milliard 876 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy ishlatilgan.
Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida esa bir korxona tomonidan sertifikatlashtirilmagan energetika uskunalaridan foydalanish holati aniqlandi. Qonunchilik talablari asosida ushbu holat bo‘yicha 25,1 million so‘m miqdorida iqtisodiy sanksiya qo‘llanildi.
Yakuniy tahlillarga ko‘ra, o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida aniqlangan holatlar bo‘yicha jami 6 milliard 523 million 800 ming so‘mlik qonunbuzarlik va iqtisodiy yo‘qotishlar qayd etilgan. Bunday nazorat tadbirlari esa energiya resurslari yo‘qotilishini kamaytirish, tizim barqarorligini ta’minlash hamda iste’mol madaniyatini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA