Yoz fasli boshlanishi, ya’ni kunlar isishi bilan dalalarda turli yong‘inlar sodir bo‘ladi. Ayniqsa, bug‘doy boshoqlari yig‘ib-terib olingach, ayrim fermerlar yoki aholi ularning poyasini hech ikkilanmay yoqib yuboradi.
Afsuski, dalalardagi yong‘in havoni ifloslantiradi. Yong‘in paytida ko‘p miqdordagi uglerod oksidlari, tutun va zaharli gazlar atmosferaga chiqadi. Bu nafaqat havoni, balki odamlar salomatligini ham xavf ostiga qo‘yadi.
Yong‘inlar cho‘llashuvni tezlashtiradi, o‘simlik va hayvonlar hayot muhitini yo‘q qiladi. Qushlar, kichik sut emizuvchilar va hasharotlar jabr ko‘radi.
Ayniqsa, yong‘indan keyin yerning yuqori qatlami kuyib ketadi, unumdorlik pasayadi. Eroziya kuchayadi, sug‘orish va qayta tiklash qiyinlashadi. Eng achinarlisi, katta maydonlardagi yong‘inlar global isishni kuchaytiradi.
Dala yong‘inlarining tabiiy muhitga katta zarar yetkazishini ko‘pchilik biladi, ammo bu haqda qayerga va kimga murojaat qilishni bilmaydi. Shu bois, “O‘zbekkosmos” dala yong‘inlarini kuzatish imkonini beruvchi portalni ishga tushirdi.
Endilikda fuqarolar respublikaning qaysi hududida dala yong‘inlari sodir bo‘layotgani, uning manzili va hajmi bo‘yicha https://dalayongini.cmspace.uz (https://dalayongini.cmspace.uz/) ochiq portali orqali to‘liq ma’lumot olishi mumkin.
Qolaversa, “O‘zbekkosmos” shu kabi salbiy holatlar bo‘yicha xabardorlikni oshirish maqsadida maxsus _@UzCosmos_Yongin_botni ham ishga tushirdi.
U orqali dala yong‘inlariga guvoh bo‘lganlar real vaqt rejimida suratlar va manzillarni agentlikka yuborishlari mumkin.
Xulosa qilib aytganda dala yong‘inlari tabiat uchun yashirin tahdid hisoblanadi. Shu bois, tabiatga bo‘lgan xavfni kamaytirish uchun o‘z vaqtida profilaktik choralar ko‘rish va jamoaviy mas’uliyat hissini oshirish zarur.
N.Rahmonova,
O‘zA