Iqtisodiyot va moliya vazirligida “McKinsey & Company” delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda vazirlik mas’ullari va delegatsiyasi tarkibidan bosh hamkor Yermolay Soljenitsыn, turizm va mehmondo‘stlik yo‘nalishi bo‘yicha hamkor Margo Konstantin hamda Ozarbayjondagi boshqaruvchi hamkor Murat Gursoy ishtirok etdi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha dolzarb yo‘nalishlar va istiqbolli imkoniyatlar yuzasidan fikr almashdi. Xususan, xorijiy sarmoyalarni jalb etish, infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish, turistik xizmatlar sifatini oshirish hamda mamlakatimizning xalqaro sayyohlik bozoridagi raqobatbardoshligini mustahkamlash masalalari muhokama markazida bo‘ldi
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, “McKinsey & Company” dunyodagi eng nufuzli va global miqyosda faoliyat yurituvchi boshqaruv konsalting kompaniyalaridan biridir. 1926 yilda AQSHda tashkil etilgan kompaniyaning bugungi kunda 130 dan ortiq shaharda, 65 dan ortiq mamlakatda ofislari mavjud.
Kompaniya davlat boshqaruvi, iqtisodiy tahlil va konsalting sohalarida keng qamrovli tajribaga ega, dunyo miqyosida e’tirof etilgan kompaniya hisoblanadi. U davlat muassasalari, xususiy biznes va ijtimoiy sektor bilan uzviy hamkorlik qilib keladi.
Muloqot chog‘ida kompaniya vakillari o‘zlarining xalqaro amaliyotda to‘plagan bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, ular O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish bo‘yicha strategik tashabbuslarni tayyorlash va joriy etishda ekspertlik ko‘magi ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va turizm sohasida barqaror sheriklikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib oldi.
N. Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA