O‘zbekistonning raqamli bojxona tajribasi xalqaro maydonda e’tirof etildi
Tailandning Bangkok shahrida Osiyo-Tinch okeani savdoni yengillashtirish forumi hamda «Qog‘ozsiz savdo – 2026» haftaligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi delegatsiyasi faol ishtirok etib, mamlakatimizning mazkur yo‘nalishdagi ilg‘or tajribasini xalqaro hamjamiyatga taqdim etdi.
Tadbirlar doirasida BMTning Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) tomonidan tashkil etilgan «Noqonuniy moliyaviy mablag‘lar harakatini aniqlash va ularga chek qo‘yishning metodologik hamda institutsional vositalari» mavzusidagi amaliy seminar o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston, Bangladesh va Qirg‘iziston vakillari ishtirok etib, iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash, noqonuniy kapital oqimlariga qarshi kurashish va moliyaviy shaffoflikni oshirish bo‘yicha ilg‘or yondashuvlar muhokama qilindi.

Seminar davomida Bojxona qo‘mitasi mutaxassislari mamlakatimizda valyuta nazoratini takomillashtirish, noqonuniy moliyaviy operatsiyalarning oldini olish hamda iqtisodiy xavfsizlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berib, ishtirokchilar bilan o‘zaro tajriba almashdi.
Shuningdek, BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPECA) doirasida Savdo bo‘yicha ishchi guruhning 21-sessiyasi hamda Osiyo va Tinch okeani mintaqasida transchegaraviy qog‘ozsiz savdoni yengillashtirish bo‘yicha Asosiy bitim - Qog‘ozsiz savdo kengashining 5-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur yig‘ilishlarda savdoni yengillashtirish, «Yagona darcha» tizimlarini rivojlantirish, elektron hujjatlar va sertifikatlarni o‘zaro tan olish, chegara va bojxona organlari o‘rtasida axborot almashinuvini kengaytirish, shuningdek, raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan tashqi savdo jarayonlarini raqamlashtirish, «Yagona darcha» axborot tizimini takomillashtirish, bojxona nazoratida xavflarni boshqarish va targetlash mexanizmlarini joriy etish, elektron shartnomalar tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ularning samarali natijalari taqdim etildi.

Tadbirlar davomida O‘zbekistonning savdoni yengillashtirish, raqamli bojxona xizmatlarini keng joriy etish, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda mintaqaviy tranzit salohiyatini oshirish borasidagi amaliy tajribasi xalqaro hamjamiyat vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Bu esa mamlakatimizning xalqaro savdo va logistika sohasidagi nufuzi tobora ortib borayotganini, shuningdek, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lidagi islohotlar samarali natija berayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA