O‘zbekistonliklar uch oyda 12 trillion so‘mlik mikroqarz oldi
Mamlakatimiz moliyaviy tizimida nobank kredit tashkilotlarining, xususan, mikromoliya tashkilotlari (MMT) va lombardlarning roli yildan-yilga oshib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan e’lon qilingan 2026-yilning I choragi yakunlari bo‘yicha moliyaviy holat sharhi sohada tub tarkibiy o‘zgarishlar va yuqori o‘sish sur’atlari kuzatilayotganini ko‘rsatdi. An’anaviy bank xizmatlariga qaraganda tezkor va moslanuvchan bo‘lgan ushbu sektor aholi va kichik biznes vakillari uchun asosiy moliyaviy vositalardan biriga aylanib ulgurdi.
Joriy yilning yanvar–mart oylari davomida mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlariga jami 12,2 trillion so‘m miqdorida kredit va mikroqarzlar ajratildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda roppa-rosa 2 barobar ko‘pdir.
Ajratilgan mablag‘larning asosiy ulushi, ya’ni 92 foizi mikromoliya tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, qolgan 8 foizi lombardlar tomonidan rasmiylashtirilgan. Bu raqamlar bozorda MMTlarning mavqei naqadar tez kengayayotganini va aholining tadbirkorlik faolligini moliyalashtirishda ushbu tuzilmalar yetakchilik qilayotganini anglatadi.
Sharhga ko‘ra, hozirda mikromoliya kreditlarining 72 foizi masofaviy tarzda, ya’ni onlayn mobil ilovalar varaqlari orqali rasmiylashtirilmoqda.
Raqamli kreditlashning umumiy hajmi 8 trillion so‘mga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 2,2 barobarga oshgan. Aholi uchun garovsiz, tezkor va uydan chiqmagan holda mikroqarz olish imkoniyatining yaratilishi moliyaviy ommaboplik darajasini keskin oshirdi. Biroq bu tendensiya mas’uliyatli kreditlash va aholining fintex savodxonligini oshirish masalasini ham kun tartibiga qo‘ymoqda.
2026-yilning 1-aprel holatiga ko‘ra, sektorning jami aktivlari hajmi 14,4 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 50 foizlik o‘sish demakdir. E’tiborli jihati, ushbu aktivlarning mutlaq katta qismi, ya’ni 92 foizi bevosita mijozlarga berilgan kredit portfelidan iborat. Bu esa jalb etilayotgan resurslarning iqtisodiyotda faol aylanayotganidan dalolat beradi.
Moliyaviy tizim barqarorligining eng muhim indikatorlaridan biri, muammoli kreditlar (NPL — Non-Performing Loans) ulushidir. Kreditlash hajmi geometrik progressiyada o‘sayotganiga qaramay, sektorda risklarni boshqarish tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, muammoli kreditlar ulushi portfelning bor-yo‘g‘i 2,3 foizini tashkil etib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan (2,4 foiz) ham pasaygan.
Mutlaq qiymatda qaytarilmaslik xavfi bo‘lgan kreditlar hajmi 284 milliard so‘mni tashkil etadi. Tahlillarga ko‘ra, eng ko‘p muammoli kreditlar tizimdagi yirik fintex platformalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
2026-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, soha vakillari yuqori rentabellik namoyish etishdi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda sektorning jami sof foydasi 385,3 milliard so‘mga yetdi.
Ayniqsa, aktivlar rentabelligi ko‘rsatkichlari moliya bozorining boshqa sektorlariga qaraganda ancha yuqori. Ushbu ko‘rsatkich mikromoliya tashkilotlarida 17,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, lombardlarda 56,7 foizlik rekord darajani qayd etdi. Lombardlar faoliyatining likvidli garov (asosan oltin va qimmatbaho buyumlar) bilan ta’minlangani va qisqa muddatli yuqori foiz stavkalari ularning shunday yuqori daromadlilikka erishishini ta’minlagan.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA