Iroq O‘zbekiston bilan iqtisodiy sheriklikni kuchaytirishga qaratilgan qarorlarni ma’qulladi
Iroq Vazirlar Kengashining navbatdagi majlisida O‘zbekiston bilan iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan bir qator muhim tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.
Xususan, yig‘ilish davomida O‘zbekiston–Iroq Qo‘shma biznes kengashini tashkil etish, iqtisodiy sheriklik bo‘yicha hukumatlararo yangi bitim loyihasini ishlab chiqish hamda sarmoyalarni o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi kelishuv yuzasidan rasmiy muzokaralarni boshlashga ruxsat berildi.
Ushbu huquqiy qadamlar o‘zbekistonlik tadbirkor va investorlar uchun Iroq bozorida keng imkoniyatlar ochishi, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni sezilarli darajada jonlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Soha ekspertlarining ta’kidlashicha, Iroq hukumati tomonidan tashlangan mazkur qadam yaqin istiqbolda ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini sezilarli darajada oshirish va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA