O‘zbekistonda futbol bo‘yicha o‘tkaziladigan Superliga, Pro-liga, Birinchi liga, Ayollar Oliy ligasi uchrashuvlari, shuningdek, O‘zbekiston kubogi va mintaqaviy turnirlarda ish olib boradigan hakamlar Italiyaning “Macron” brendidagi liboslarda maydonda harakatlanadi.
Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida o‘tkazilgan yig‘ilish davomida ma’lum qilindi.

O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatovning bildirishicha, FIFA prezidenti Janni Infantino futbol hakamlarini maydondagi birinchi jamoa, deb ta’kidlagan. Sababi, futbol musobaqalarining sifatli o‘tishi, rivojlanishi va o‘sishida professional hakamlarning o‘rni beqiyos. Hakamlik tizimini zamonaviy usullar orqali takomillashtirish bugungi kunning muhim vazifasi sanaladi.
Ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz futbol mutaxassislari mazkur brendning sifati va qulayliklarini yuqori baholashmoqda. Yig‘ilishda taqdim etilgan hakamlarning yangi libosi bu yo‘ldagi muhim qadamdir.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA