O‘zbekistonlik bokschi belaruslik raqibini mag‘lub etdi
Ozarbayjon poytaxti Boku shahridagi "Sea Breeze Resort" majmuasida tashkil etilgan "IBA Champions Night" musobaqasida O‘zbekiston nomi jarangladi.
Mazkur nufuzli turnirda bir necha bor O‘zbekiston chempionligiga erishgan, qit’a va jahon chempionatlarida, xalqaro turnirlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya etib g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan Saidjamshid Jafarov belaruslik Nikolay Vesyolov bilan to‘qnash keldi.
O‘rta vazn toifasida shiddatli tarzda kechgan jang to‘liq davom etib, unda hakamlarning qarori bilan Buxoro boks maktabi tarbiyalanuvchisi S.Jafarovning g‘olib chiqqani e’tirof etildi.
Eslatib o‘tamiz, Saidjamshid Jafarov ayni paytda boks bo‘yicha Ozarbayjon terma jamoasi a’zosi sifatida xalqaro musobaqalarda ishtirok etib kelmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA