Boksda katta natijalarga erishgan o‘zbek o‘g‘loni
Bundan besh oy muqaddam, aniqrog‘i 10 avgust kuni mahoratli charm qo‘lqop ustamiz Bahodir Jalolov “Parij-2024” Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritib, havaskor boksdagi faoliyatini yakunlagan edi. Bu muvaffaqiyat zamirida esa uning yillab tinimsiz mehnati yotibdi.
Bahodir Jalolov havaskor boksda 12 yil davomida milliy terma jamoamiz tarkibida nufuzli musobaqalarda shohsupaga ko‘tarildi. Shu o‘rinda yengilmas bokschimizning qo‘lga kiritgan g‘alabalarini yodga olamiz.
Bokschimiz garchi 2012 yildan boshlab kattalar jamoasi safida bellashuvlarda ishtirok etgan bo‘lsa-da, uning xalqaro turnirlardagi muvaffaqiyatlari 2015 yildan qayd etila boshladi.

Jumladan, 2015 yilda Qirg‘izistonning Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan “D.Shapakov”, xotira turnirida, Germaniyaning Galle shahridagi “Chemistri cup”da, Ozarbayjonning Boku shahrida tashkil etilgan “Buyuk ipak yo‘li” turnirida, Belarusning Minsk shahrida o‘tgan nufuzli musobaqada g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, Bolgariyaning Sofiya shahrida “Stranja kubogi”da kumush medal bilan taqdirlangan bo‘lsa, Qatarning Doha shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida bronza medal sohibiga aylandi.
2017 yil Toshkentda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida va Kozog‘istonning Aktau shahrida o‘tkazilgan xalqaro turnirda oltin medal bilan taqdirlandi. 2018 yil Hindiston mezbonlik qilgan “India Open” va Rossiyadagi turnirda shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Tailandning Bangkok shahrida 2019 yilgi Osiyo va Rossiyadagi jahon chempionatida tengsiz deya e’tirof etildi. 2020 yil Iordaniyada o‘tgan Osiyo-Okeaniya musobaqasida Tokio Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

2021 yilgi mavsumda “Strandja”, “Gubernator cup” xalqaro turnirlarida oltin medalni o‘z hisobiga qo‘shib qo‘ydi. Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida, “Tokio-2020” Olimpiya o‘yinlarida tengsiz ekanini isbotladi.
2023 yilgi mavsumni “Strandja” xalqaro turnirining oltin medali bilan boshlagan Bahodir Toshkent shahrida o‘tgan jahon chempionati, Xitoyning Xanchjou shahrida tashkil etilgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘ldi.
O‘tgan mavsum ham charm qo‘lqop ustamiz uchun ulkan zafarlarga boy o‘tdi. Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan XXXIII yozgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etgan Bahodir Jalolov barcha raqiblarini yengib, mamlakatimiz tarixida ilk marta ikki karra Olimpiya o‘yinlari g‘olibiga aylangan og‘ir vaznli bokschiga aylandi. Afsuski, uning bu g‘alabasi havaskor boksdagi so‘nggisi bo‘ldi.
Shuningdek, Bahodir Jalolov 2018-2024 yillar davomida Prezidentimiz tomonidan “Mard o‘g‘lon”, “O‘zbekiston iftixori”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” va “El-yurt hurmati” ordeni kabi davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Endi Bahodir Jalolov professional boksda yangi tarixiy natijalar qayd etishga intilmoqda va u 6 fevral kuni professional boksda navbatdagi jangini fransiyalik Devid Spilmontga qarshi o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Umid qilamizki, yengilmas o‘zbek o‘g‘loni professional boksda ham jahonda tengsiz ekanini isbotlaydi va bu uchun uning imkoniyatlari yetarli.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA