O‘zbekistonlik ayol mutaxassislar Xitoyning suv xo‘jaligi tajribasini o‘rganmoqda
Xitoyda suv xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan ayol mutaxassislar uchun xalqaro o‘quv dasturi boshlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida mehnat qilayotgan bir guruh ayol rahbar va mutaxassislar ishtirok etmoqda.
O‘quv dasturi ishtirokchilarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, boshqaruv salohiyatini yuksaltirish hamda suv resurslarini boshqarish sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganishga qaratilgan.

Dastur davomida mutaxassislar Xitoyning suv xo‘jaligi sohasidagi davlat siyosati, suv resurslarini samarali boshqarishda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yechimlar bilan tanishmoqda. Shuningdek, gender tengligi, ayollarning rahbarlik salohiyatini rivojlantirish hamda sohadagi zamonaviy boshqaruv yondashuvlari yuzasidan tajriba almashilmoqda.
O‘quv mashg‘ulotlari CAREC instituti, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Osiyo taraqqiyot banki (OTB) hamda Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni hamkor tashkilotlari ishtirokida tashkil etilgan. Dastur doirasida ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar va soha ekspertlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, xalqaro o‘quv dasturi ayol mutaxassislarning malakasini oshirish, xalqaro tajriba almashishni kengaytirish va suv xo‘jaligi sohasida zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga joriy etishga zamin yaratadi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA