Suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha Singapur tajribasi o‘rganiladi
O‘zbekistonda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish uchun Qishloq xo‘jaligida kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda Singapur kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzoladi. Bu loyiha fermerlarning zamonaviy sug‘orish usullari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni, jumladan tomchilatib sug‘orishni joriy etish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator muhim Prezident qarorlari qabul qilingan. Jumladan, 2026-yil 5-fevraldagi «Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorga ko‘ra, 2026–2028-yillarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlarni 3,5 million gektarga yetkazish belgilangan bo‘lib, shundan 220 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish maqsad qilingan.

Albatta, ushbu maqsadlarga erishish oson bo‘lmaydi. Buning uchun eng avvalo soha vakillarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, tomchilatib sug‘orish tizimlarining ahamiyatini ularga tushuntirish muhim.
Bu yo‘nalishda Qishloq xo‘jaligida kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda Singapurning “Rivulis Irrigation” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, suv resurslaridan samarali foydalanish, tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish va fermerlarning zamonaviy agrotexnologiyalar bo‘yicha amaliy bilimlarini oshirish tizimli yo‘lga qo‘yiladi. Aytish kerakki, mazkur xorijiy kompaniya bu yo‘nalishda 50 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lib, mashg‘ulotlarga tajribali xorijlik mutaxassislar jalb qilinadi.

Kelishuv doirasida institut hududida sabzavot, kartoshka, issiqxona, meva bog‘lari va rezavor ekinlar yo‘nalishlarida 5 ta ko‘rgazmali-amaliy maydon tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu maydonlarda suv tejovchi sug‘orish tizimlari namoyish etilib, mutaxassislar uchun o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Natijada fermerlar ilg‘or sug‘orish usullarini amalda o‘rganish, suv sarfini maqbullashtirish va qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.
Sanjar Toshpo‘latov,
O‘zA