Yer resurslari mamlakatning eng muhim tabiiy boyliklaridan biri bo‘lib, ularni oqilona boshqarish barqaror rivojlanishning kafolatidir. Yer fondidan foydalanishda ekologik talablar, iqtisodiy manfaatdorlik va ijtimoiy ehtiyojlarning uyg‘unligini ta’minlash bugungi kunning dolzarb masalalaridan hisoblanadi.
Yer hisobini yuritish — mavjud yer fondi miqdori, sifati, toifalari va ulardan foydalanish holatini tizimli ravishda qayd etish jarayoni bo‘lib, ushbu tizim samarali ishlashi uchun zamonaviy geoinformatsion texnologiyalar, masofadan zondlash usullari va raqamli kartografiya imkoniyatlaridan keng foydalanish zarur.
Kadastr xizmatlarini yaxshilash esa, yer uchastkalarining huquqiy maqomi, ularning chegaralari, qiymati va foydalanish shartlari haqida to‘liq hamda ishonchli ma’lumotlarni shakllantirishni o‘z ichiga oladi. Bu, o‘z navbatida, yer bozorining rivojlanishiga, investitsiya jarayonlarining faollashishiga va resurslardan samarali foydalanishga xizmat qiladi.
Yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi to‘g‘risida Respublika aerogeodeziya markazi bo‘lim boshlig‘i I.Toshtanov quyidagilarni gapirib berdi.
–Kadastr sohasida so‘nggi yillarda katta ishlar amalga oshirildi, – deydi I.Toshtanov. – Jumladan, topografik s’yomka ishlari uchun maxsus samolyot va aerofotokamera, 112 ta uchuvchisiz uchish vositalari (dron) bilan ta’minlandi hamda sohani raqamlashtirish uchun 6 ta axborot tizimi va ma’lumotlar markazi ishga tushirildi. Natijada, uch yil davomida 96 foiz yerlarning elektron xaritasi yaratildi. Olib borilgan tizimli ishlar natijasida zaxiradagi 1,2 million gektar qishloq yerlariga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilishi hisobiga 675 ming aholi va fermerlarga 425 ming gektar yerlar bo‘lib berildi.
Respublikamizdagi yer fondi toifalari bo‘yicha hududlar kesimida monitoring ishlari va xatlovlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda yer resurslarini samarali boshqarish, ulardan oqilona foydalanish yangi bosqichga chiqdi. Buning natijasida mamlakatimizdagi barcha yer maydonlarida bosqichma-bosqich xatlov o‘tkazilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi yer toifasida bo‘lgan, amalda sanoat yoki boshqa maqsadlarda foydalanilayotgan yer maydonlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish hamda Hukumat komissiyasiga takliflar kiritish bo‘yicha Respublika aerogeodeziya markazi yetakchi mutaxassislari tomonidan yer maydonlari xatlovdan o‘tkazildi va elektron xaritalari yaratildi.
Yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazish ishlarini sifatli amalga oshirishda tabiiyki, yuqori aniqlikdagi o‘lchovchi uskunalar va texnologiyalarni qo‘llash talab etiladi.
Ushbu ishlarni tashkil qilish uchun Respublika aerogeodeziya markazi tomonidan Tecnam P2006T rusumli samolyotda olingan aerofotosuratlar yordamida ortofoplanlar tuzilib, xaritaga olinayotgan hududlardagi har bir ob’ekt yuqori aniqlikda mavzuli deshifrovka qilinadi. Bu barcha yerdan foydalanuvchilarning haqiqiy chegaralarini tasvirlab berish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari xaritaga olinayotgan hududlarda ob’ektlarning davriy o‘zgarishlarini ham aniqlash mumkin.
Hozirgi kunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari bo‘yicha yer hisobida ko‘rsatilgan yer maydonlarining amaldagi holati o‘rganildi. Xorazm viloyatidagi yer fondining barcha 8 ta toifasi bo‘yicha yer resurslarining hisobotda aks ettirilishi va ulardan amalda foydalanilishi bo‘yicha aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat bo‘yicha jami yerlar 608 ming 158 gektar ko‘rsatilgan bo‘lsa, xatlov natijasida ushbu yer maydoni 618 ming 432 gektarni tashkil qilgan.
Yer toifalarining o‘zgarishi asosan qishloq xo‘jaligi yerlariga to‘g‘ri kelib, hisobot bo‘yicha qishloq xo‘jaligi fondida turgan yer maydonlari amalda yer fondining boshqa turlariga o‘tib ketgan. Jumladan, aholi punktlari yerlari, sanoat yerlari, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar, suv yerlari va tabiatni muhofaza qilish yerlari hisobiga o‘tgani aniqlangan. Umuman olganda o‘rganish natijasi bo‘yicha Xorazm viloyati hokimligi tomonidan Yer kodeksining 9-moddasiga asosan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidagi 60 ming 284 gektar yerlarni qishloq xo‘jaligi yer fondidan boshqa yerlar toifasiga o‘zgartirish yuzasidan Hukumat komissiyasiga taklif tayyorlandi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni xatlov qilish bo‘yicha boshqa hududlardagi aniqlangan ko‘rsatkichlar quyidagicha: Andijon viloyatida hisobot bo‘yicha 360 ming 585 gektarni tashkil etgan bo‘lsa, o‘rganish natijasida 294 ming 756 gektar yer maydoni aniqlangan. Ushbu ko‘rsatkichlar Samarqand viloyatida hisobot bo‘yicha 1 million 466 ming 18 gektardan amalda 1 million 270 ming 376 gektarga kamayishi kuzatilgan. Surxondaryo viloyatida 1 million 356 ming 595 gektardan amalda 1 million 221 ming 314 gektarga kamayish aniqlangan bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi yerlari tarkibidagi sug‘oriladigan ekin yerlari maydoni hisobot bo‘yicha 296 ming 982,7 gektarni, amalda esa 273 ming 475,3 gektarni tashkil etishi aniqlangan.
817 ming gektar aholi punktlari hamda sanoat yerlari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasida yuritib kelingani mazkur yer uchastkalarining mulkdorlariga o‘z yerlarini xususiylashtirish, garovga qo‘yish va ko‘chmas mulk sifatida to‘liq tasarruf etishda to‘siqlarni yuzaga keltirgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida jami 542 ming gektardan ziyod yer uchastkalarining toifalarini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, Hukumat komissiyasiga kiritildi.
Ushbu o‘zgarishlar yer toifalari bo‘yicha ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlab, zamonaviy shaharsozlik va sanoat infratuzilmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Ishonchli kadastr ma’lumotlari esa, investitsiya muhitini yaxshilash, infratuzilmalarni rivojlantirish hamda ijtimoiy loyihalarni to‘g‘ri joylashtirish uchun muhim asos hisoblanadi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA