Kadastr agentligi faoliyati ochiqligini ta’minlash, korrupsion xatarlarning oldini olish va bartaraf etish, sohada korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy tizimlarini joriy etish hamda «9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni»ga bag‘ishlangan Aksilkorrupsiya haftaligi doirasida ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi.
Ma’lumki, Kadastr agentligi tashkil etilgandan boshlab asosiy e’tibor sohani raqamlashtirish, barcha yerlar, bino-inshootlarni to‘liq hisobga olishga qaratilgan.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Raqamlashtirish nima beradi?
– Aytish joiz, raqamlashtirish shaffoflik va aniqlikni beradi. Bu orqali inson omili kamaytiriladi va dasturlar bilan ishlashga o‘tiladi. Inson omilini kamaytirish – korrupsiyaning «oyog‘iga bolta urish»dir, – deydi Kadastr agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Allaberganov. – bugungi kunda fuqarolar Kadastr idoralariga umuman kelishi shart emas. Aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar DXM, Notarius va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi. Ilgari ko‘p qavatli uydagi kvartiralarga kadastr hujjatini rasmiylashtirish 10 kundan ortiq vaqt olgan bo‘lsa, bugungi kunda 3 kungacha qisqartirishga erishildi.
Yana bir ma’lumot, mamlakatimizning 40,8 million gektar, ya’ni 91 foiz yer maydonining elektron xaritasi yaratilib, 36,9 million gektari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Avval hisobga olinmagan 626,2 mingta yangi ob’ekt, 498,9 mingta qo‘shimcha qurilmalar aniqlandi.
bugungi kunda kadastr bazasida hisobga olingan ko‘chmas mulk ob’ektlari soni 8,1 milliondan oshdi. Ushbu ma’lumotlar davlat soliq qo‘mitasiga integratsiya qilingan holda taqdim etib kelinmoqda.
Tadbirda qayd etilishicha, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun 89 ming 560 ta 5 707,9 gektar yer uchastkasi “Yerelektron” AATga kiritilgan.
Shundan 49 ming 856 ta 2 737,7 gektari mulk huquqi asosida 18 ming 638 ta, ijara huquqi asosida 31 ming 218 ta yer uchastkasi auksion savdosiga chiqarildi. Kadastr idoralari tomonidan jami 1,3 million gektar hamda Prezidentimizning joriy yil 10 sentyabrdagi «Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan 102,4 ming gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan zaxiradagi yerlar hokimliklar nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan 339,8 ming gektar yer uchastkalari tanlovga chiqarildi.
Shuningdek, Kadastr idoralariga yuborilgan ijara shartnomalariga asosan 239,6 ming gektar yer uchastkasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Amalga oshirilgan yer va kadastr nazorati natijasida 32 ming 275 ta holatda 7 723,6 gektar yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi. Shundan 15 ming 810 ta holat, 4 812,5 gektar, ya’ni 49 foiz ixtiyoriy bartaraf etildi. 15 ming 763 ta holat bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritildi. 2 428 ta holat prokuratura organlariga kiritildi.
Sohani raqamlashtirish bo‘yicha “UZKAD” tizimi to‘liq ishga tushirilib, DSQ bazasi, my.gov.uz va boshqa axborot tizimlari bilan integratsiya qilindi.
Yerdan foydalanuvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida GIS.KADASTR.UZ orqali ko‘rish imkoniyati yaratildi. Geografik ob’ektlarining nomlari haqidagi barcha ma’lumotlar jamlangan “GEONAMES” veb portali ishga tushirildi.
Tadbirda qayd etilishicha, “E-YER NAZORAT” tizimi to‘liq ishga tushirilib, Bosh prokuraturaning “E-Material” va IIVning “E-maʼmuriy ish” tizimi bilan integratsiya qilindi.
YERELEKTRON axborot tizimining yangi versiyasi ishga tushirildi. GEODEZNAZORAT axborot tizimi orqali geodeziya va kartografiyaga oid ishlarning natijalarini ekspertizadan o‘tkazish imkoniyati yaratilgan.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA