O‘zbekistonda yoshlar bilan muloqot qilish formati o‘zgargani – muhim jihat
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo Ittifoqning Yosh parlament a’zolari XII butunjahon konferensiyasi dunyo yosh parlamentariylari uchun keng siyosiy muloqot maydoniga aylandi. Mazkur anjuman yoshlar ovozini birlashtirish, global qarorlar qabul qilishda ularning ishtirokini kengaytirish hamda parlament diplomatiyasining yangi imkoniyatlarini namoyon etishda muhim ahamiyatga ega.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi Otabek Sobitov o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Samarqandda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan yosh parlamentariylarning bir maydonda jam bo‘lishi biz uchun shunchaki xalqaro tadbir emas. Men buni, eng avvalo, yoshlarning fikri va pozitsiyasi global siyosatda tobora muhim o‘rin egallayotganining belgisi deb bilaman. Hozirgi avlod dunyoda nimalar bo‘layotganini chetdan kuzatib turadigan avlod emas. Biz urushlar, iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy tengsizlik, raqamli xavfsizlik, ta’lim va bandlik bilan bog‘liq muammolar oqibatini bevosita his qilyapmiz. Shuning uchun bu masalalar yuzasidan yoshlarning o‘z qarashi, o‘z taklifi va eng muhimi, qarorlar qabul qilinadigan joylarda o‘z ovozi bo‘lishi kerak.
Prezidentimizning konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida dunyo bo‘ylab 500 milliondan ziyod bola va yoshlar qurolli mojarolar hududida yashayotgani qayd etilgan. Bu raqamning o‘ziyoq bugungi vaziyat qanchalik jiddiy ekanini ko‘rsatib turibdi. Biz tinch va osoyishta yurtda ta’lim olayotgan, ishlayotgan, o‘z kelajagimizni rejalashtirayotgan bir paytda, tengdoshlarimizning katta qismi oddiy xavfsizlik, maktabga borish yoki kelajak haqida o‘ylash imkoniyatidan mahrum.
Shu sababli inson huquqlari va qadr-qimmati haqida so‘z yuritganda, buni faqat xalqaro hujjatlardagi tushuncha sifatida emas, balki har bir yoshning kundalik hayoti bilan bog‘liq masala sifatida ko‘rishimiz lozim.
O‘zbekistondagi o‘zgarishlarning men uchun eng muhim jihatlaridan biri — yoshlar bilan muloqot formati o‘zgarganidir. Bugun yoshlar faqat tayyor qarorni eshitadigan auditoriya emas. Ularning muammosi o‘rganilmoqda, tashabbusi muhokama qilinmoqda, ayrim takliflari esa davlat dasturlari va qonunchilik tashabbuslariga aylanmoqda.
Yoshlar parlamentlari ham ana shu jarayonning bir qismidir. 2024-yilgi saylovlarda 200 ga yaqin yoshning vakillik organlari a’zosi etib saylangani muhim signaddir. Bu yoshlar uchun eshiklar ochilayotganini ko‘rsatadi, biroq endi bizning vazifamiz bu ishonchni amaliy natija bilan oqlashdir. Yosh deputat yoki yosh parlamentariy deganda faqat yoshiga ko‘ra yangi kadr emas, balki yangicha fikrlaydigan, tezkor, ochiq va zamonaviy muammolarni his qiladigan vakil tushunilishi kerak. Biz yoshlar muammosini faqat yoshlarga oid tadbirlarda emas, byudjet, bandlik, ekologiya, raqamlashtirish, ta’lim va hududlarni rivojlantirish masalalarida ham ko‘tara olishimiz zarur.
Samarqand konferensiyasi turli davlatlardagi tengdoshlarimiz bilan qonunchilik tashabbuslari, parlament nazorati va yoshlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ishlaydigan doimiy tarmoqning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA