O‘zbekiston Prezidenti XXR delegatsiyasini qabul qildi
7-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Lyu Szyansin boshchiligidagi Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasini qabul qildi.
Yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga XXR Raisi Si Szinpinning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik hamda amaliy sheriklikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston–Xitoy munosabatlari har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi izchil oshib, Xitoyning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qo‘shma loyihalar va korxonalar soni ko‘payib bormoqda.
Parlamentlararo va partiyalararo hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Oliy va kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, jumladan, mamlakatimizda Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalari filiallarini ochish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo va partiyalararo hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib oldilar.