Davlatimiz rahbarining 2025 yil 8 sentyabrdagi “Olmaliq davlat texnika institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali negizida Olmaliq davlat texnika instituti tashkil etilmoqda.
Mazkur filialda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini institutda davom ettiradi hamda 2025/2026 o‘quv yilidan bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda diplom beriladi.
Institutda geologiya, metallurgiya va texnikaga ixtisoslashgan ilg‘or muhandislik maktabi (“GeoMetTex”) tashkil etiladi. Ushbu maktabda ta’lim olish uchun akademik ko‘rsatkichlari yuqori talabalar tanlov asosida saralab olinadi va amaliyotga yo‘naltirilgan maxsus ta’lim dasturlari asosida o‘qitiladi.
“GeoMetTex” ilg‘or muhandislik maktabi yo‘nalishiga mos sanoat hamkorlari belgilanib, ularni texnik va texnologik jihatdan ta’minlash uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etiladi.
“Toshkent shahrida N.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori asosida esa Toshkent shahrida N.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali tashkil etiladi.
Filialda muhandislik sohasida innovatsion yondashuvlarni qo‘llay oladigan, chuqur ilmiy-texnik bilimlarga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlar tayyorlanadi. Muhandislik sohasida fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqotlar o‘tkaziladi. Filialda ta’lim faoliyati 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi.
Talabalarni o‘qishga qabul qilish davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. 2025/2026 o‘quv yilidan Moskva davlat texnika universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti hamkorligida magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Bitiruvchilarga O‘zbekistonda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan diplom beriladi.
N.Abduraimova,
O‘zA