O‘zbekistonda oliy ta’lim qamrovi kengaymoqda
Oliy ta’lim mamlakatning intellektual salohiyatini shakllantiruvchi eng muhim tizimlardan biri hisoblanadi.
Keyingi yillarda yangi oliygohlarning tashkil etilishi, xususiy universitetlar sonining ortishi, qabul parametrlarining kengayishi hamda ta’limning turli shakllari joriy etilishi natijasida talabalar soni sezilarli darajada o‘sdi. Bu esa aholining oliy ta’limga bo‘lgan ehtiyoji va qiziqishi tobora ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yili boshida O‘zbekistondagi oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan talabalar soni 1 million 535 ming nafarнi tashkil etgan.
Ularning 1 million 478,7 ming nafari (96,3 foizi) bakalavriat bosqichida, 56,3 ming nafari (3,7 foizi) esa magistraturada tahsil olmoqda. Bu ko‘rsatkich bakalavriat mamlakat oliy ta’lim tizimining asosiy qismini tashkil etayotganini, magistratura esa ilmiy va kasbiy ixtisoslashuv bosqichi sifatida nisbatan ixcham auditoriyani qamrab olishini anglatadi.
Hududlar kesimida eng ko‘p talaba Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi. Poytaxtda 579,3 ming nafar talaba tahsil olmoqda. Bu mamlakatdagi barcha talabalarning qariyb 38 foizi demakdir. Bunday yuqori ko‘rsatkichga Toshkentda respublikadagi eng yirik davlat va xususiy oliy ta’lim muassasalari, xorijiy universitetlar filiallari hamda ilmiy markazlar jamlangani sabab bo‘lmoqda.
Keyingi o‘rinlarda Buxoro viloyati (117,7 ming nafar), Qashqadaryo viloyati (111,6 ming nafar) va Toshkent viloyati (101,5 ming nafar) qayd etilgan. Shuningdek, Farg‘ona (98,9 ming nafar) hamda Samarqand (93,9 ming nafar) viloyatlarida ham talabalar soni yuqori bo‘lib, mazkur hududlarda oliy ta’lim muassasalari tarmog‘i kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Reytingning quyi qismida esa Sirdaryo viloyati (23,2 ming nafar), Jizzax viloyati (32,4 ming nafar) va Navoiy viloyati (42,5 ming nafar) joylashgan. Bu holat aholi soni, oliy ta’lim muassasalari soni hamda ta’lim infratuzilmasining hududlar bo‘yicha farqlanishi bilan izohlanadi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi yillarda mamlakatda oliy ta’lim tizimi nafaqat son jihatidan, balki hududiy qamrov bo‘yicha ham kengaymoqda. Biroq, magistratura bosqichida tahsil olayotganlar ulushining hanuz pastligi ilmiy kadrlar tayyorlash, tadqiqot faoliyatini rivojlantirish va yuqori malakali mutaxassislar sonini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni davom ettirish zarurligini ham ko‘rsatadi. Shu bois kelgusi yillarda ta’lim sifati bilan bir qatorda magistratura va ilmiy faoliyatga qiziqishni oshirish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qoladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA